Jenevada Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi boshlandi

16:10 21 May 2018 Dunyo
407 0

Bugun, 21 may kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi boshlandi. 

Unda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar tarqatdi. Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi JSSTning yuqori organi hisoblanadi. 

Yig‘ilishda JSSTga a’zo 194 ta davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha rahbarlari qatnashmoqda. Har yili Sessiya davomida ishtirokchilar JSST faoliyatini ko‘rib chiqib, o‘z oldiga yangi maqsad va vazifalar qo‘yadi. Bu yilgi sessiyasida sog‘liqni saqlash sohasiga doir murakkab masalalar va ularning yechimiga doir chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarining salomatlikka salbiy ta’siri va unga qarshi kurashish bo‘yicha yo‘l xaritasi, dori-darmon va vaksina ta’minoti, noinfeksion kasalliklar profilaktikasi, ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha global strategiya masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. 

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi 26 mayga qadar davom etadi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?