Jenevada Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya ijrosi boʻyicha Oʻzbekistonning navbatdagi davriy maʼruzalari koʻrib chiqiladi

12:03 03 Dekabr 2019 Jamiyat
67 0

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Irqiy kamsitishlarga barham berish boʻyicha qoʻmitasining 100-sessiyasida ishtirok etish uchun Jeneva shahriga keldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati axborotiga tayanib.

Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Aliya Yunusova, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Toshpoʻlatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustambek Qurbonovdan iborat.

BMT Irqiy kamsitishlarga barham berish boʻyicha qoʻmitasining 3-4-dekabr kunlari boʻlib oʻtadigan sessiyasida Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan Oʻzbekistonning Oʻninchi – Oʻn ikkinchi qoʻshma davriy maʼruzalari koʻrib chiqiladi. Sessiyada, shuningdek, Kamboja, Kolumbiya, Irlandiya va Isroil davlatlarining bu boradagi davriy maʼruzalari ham muhokama qilinadi.

Tadbirdan maqsad – ushbu Konvensiya qoidalari bajarilishini taʼminlash borasida erishilgan natijalarni muhokama qilishdir. Majlis yakunida BMT Irqiy kamsitishlarga barham berish boʻyicha qoʻmitasining bu boradagi taklif va tavsiyalari taqdim etiladi.

Maʼlumot uchun - Irqiy kamsitishlarga barham berish boʻyicha qoʻmita BMTning shartnomaviy organidir. U Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya qoidalari bajarilishini monitoring qilish bilan shugʻullanadi. Bugungi kunda 18 nafar mustaqil ekspert mazkur Qoʻmitaning aʼzolari hisoblanadi.

Ishtirokchi davlatlarning barchasi tegishli Konvensiyada mustahkamlangan huquqlarning amalga oshirilishi haqida Qoʻmitaga muntazam maʼruzalar taqdim etib boradi. Dastlabki maʼruza davlat ushbu Konvensiyaga qoʻshilganidan soʻng oradan bir yil oʻtib taqdim etiladi. Qoʻmita har bir maʼruzani oʻrganib chiqib, ishtirokchi davlatga “yakuniy tavsiyalar” mazmunidagi oʻz taklif va mulohazalarini bildiradi.

Oʻzbekiston Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaga 1995-yil 28-sentyabrda qoʻshilgan.

Mamlakatimizning Konvensiya ijrosi boʻyicha Birinchi va Ikkinchi davriy maʼruzalari – BMT Qoʻmitasining 2000-yildagi 57-sessiyasida, Uchinchi, Toʻrtinchi va Beshinchi maʼruzalari 2006-yildagi 68-sessiyada koʻrib chiqilgan. Qoʻmitaga, shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan 2008-yili – Oltinchi va Yettinchi maʼruzalar, 2012-yili – Sakkizinchi va Toʻqqizinchi maʼruzalar, 2018-yili esa Oʻninchi – Oʻn ikkinchi maʼruzalar taqdim etilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?