JCH-2018. Shvetsiya — Shveysariya. 29 o‘yinda kimning qo‘li baland keladi

16:18 03 Iyul 2018 Sport
859 0
Foto: www.spb.kp.ru

Bugun Rossiya maydonlarida davom etayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionati 1/8 final bosqichi doirasidagi Shvetsiya — Shveysariya uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Kuchlari teng ko‘rilayotgan mazkur terma jamoalar o‘rtasidagi o‘yinga qiziqish yuqori.

Musobaqa avvalida imkoniyati yuqori baholanmagan Shvetsiya va Shveysariya terma jamoalari guruh bosqichidan chiqishining o‘zi haqiqiy sensatsiya bo‘ldi. Shvetsiya terma jamoasining murakkab guruhdan Germaniya, Meksika kabi jamoalarni ortda qoldirishida bosh murabbiy Yanne Anderssonning xizmatlari katta. U ketma-ket ikki jahon chempionati saralashidan o‘ta olmagan Shvetsiyani musobaqaga olib chiqishni uddalay oldi.

Umuman olganda, Shvetsiyani jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan terma jamoalar sirasiga kiritish mumkin. Mazkur jamoa 1938 yilda o‘tkazilgan mundialda to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. 1950 va 1994 yillarda esa bronza medaliga sazovor bo‘lgan. 1958 yilgi musobaqada finalda to‘p surgan. Bundan tashqari, Shvetsiya ikki marta 1/8, bir marta 1/4 final bosqichiga qadar yetib kelgan.

Bu galgi musobaqaning guruh bosqichining birinchi turida Janubiy Koreya terma jamoasini 0:1 hisobida yenggan Shvetsiya, keyingi turda Germaniyada 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchinchi turda esa Meksikani 3:0 hisobida yengdi.

Shveysariya terma jamoasi ham guruh bosqichining birinchi turida Braziliya bilan durang (1:1) o‘ynab, o‘z muxlislarini xursand qildi. Keyin Serbiyani 2:1 hisobida yenggan shveysariyalik futbolchilar uchinchi turda, Kosta-Rika bilan durang o‘ynashdi — 2:2.

Hisob bo‘yicha o‘n birinchi jahon chempionatida ishtirok etayotgan Shveysariya terma jamoasi uch marta 1/4, va yana shuncha marta 1/8 final bosqichiga chiqqan.

Foto: Newsnn

Endi bevosita mazkur terma jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlarga to‘xtalsak. Shvetsiya va Shveysariya o‘rtasidagi birinchi o‘yin 1920 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, u o‘rtoqlik maqomidagi bahs edi. Uchrashuvda Shveysariya 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.

Shundan so‘ng mazkur terma jamoalar yana 27 marta o‘zaro bahslashdi. Uchrashuvlarning 11 tasida Shveysariya, 10 tasida Shvetsiya g‘alaba qozongan. Yetti bellashuvda g‘olib nomi aniqlanmagan. O‘zaro o‘yinlarda qayd etilgan eng yirik hisob — 7:2. Shvetsiya foydasiga. Jami o‘tkazilgan bahslarda Shvetsiya 46ta, Shveysariya esa 42ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Demak, 29 uchrashuvda kimning qo‘li baland kelishi yana bir necha soatdan keyin bilib olamiz.

Shvetsiya — Shveysariya o‘yini Toshkent vaqti bilan 19:00 da Sankt-Peterburgdagi “Sankt-Peterburg“ stadionida boshlanadi.
Mazkur bahsga sloveniyalik Damir Skomina bosh hakam sifatida tayinlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?