JCH2018: Bugun Osiyoning yana bir jamoasi kurashga kirishadi. Uning imkoniyati qanday?

13:06 15 Iyun 2018 Sport
840 0

Kecha jahon chempionatining оchilish uchrashuvida maydonga chiqqan Saudiya Arabistoni terma jamoasi ko‘rsatgan o‘yini va natijasi bilan osiyolik futbol muxlislarini hafsalasini pir qilgani, bor gap. Ochig‘i, saralash bosqichni ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan bu jamoadan bunchalik sharmandali natijani hech kim kutmagan edi.

Bugun yana bir Osiyo jamoasi kurashga kirishadi. Ammo uning raqibi ham anoyilardan emas. Anglagandirsiz, gap Marokash — Eron bahsi haqida ketmoqda.

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da “Sankt-Peterburg” stadionida boshlanadi. Avvalo shuni aytish joizki, mazkur terma jamoalar bungacha jahon chempionatlarida o‘zaro to‘qnash kelmagan.

Marokash so‘nggi bor 20 yil oldin mundialda ishtirok etgan va guruh bosqichida qolib ketgan. Terma jamoa bosh murabbiyi Erve Renar kamida shu natijani yaxshilashni maqsad qilgan. Yana bir e’tiborli jihati, Marokash terma jamoasi ketma-ket 18 ta o‘yindan buyon mag‘lubiyatga uchramagan. Bu borada jahon chempionati ishtirokchilari orasida Belgiya (19) va Ispaniya (20) terma jamoalari undan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega.

Erve Renarning aytishicha, musobaqada kuchli jamoalar juda ko‘p. Ularning ko‘pi favorit. Biroq uning jamoasi Sankt-Peterburgga shunchaki rasmga tushish uchun kelmagan.

Eron esa o‘z tarixida ilk bor ketma-ket ikkinchi bor JCHda ishtirok etmoqda. Bunda jamoani yetti yildan beri boshqarib kelayotgan portugaliyalik mutaxassis Karlush Keyrushning xizmatlari katta, albatta. Ammo dastlabki tur oldidan uning jamoasida jiddiy yo‘qotishlar bor. Gap shundaki, yetakchi futbolchilar Said Izzatullohi,Mehdi Taremi va Ashakan Dejaga bugun maydonga tusha olmaydi.

Jamoa bosh murabbiyi Karlush Keyrush esa bugun uch ochko uchun maydonga tushishini ta’kidlamoqda.

“Bu o‘yin ikkala jamoa uchun ham juda muhimligini bilamiz. Ammo biz aniq maqsad bilan bu shaharga keldik, hisobimizga 3 ochko qo‘shib qo‘ymoqchimiz. Futbolchilarimda shijoat va intilish kuchli. Futboldagi g‘alaba xuddi narkotikka o‘xshaydi. Agar birinchi o‘yinda yutsak navbatdagi bahslarda bizga ko‘proq ishonch bag‘ishlaydi. Shu bois Marokashga qarshi o‘yinda gol urish uchun qo‘rqmay hujum qilamiz”, - deydi u.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?