JCH-2022 saralash. Oʻzbekiston yangi bosh murabbiy bilan ilk oʻyinda 5ta gol urdi

10:56 11 Oktyabr 2019 Sport
893 0

JCH—2022 saralashining ikkinchi bosqichi 3-turi doirasida Oʻzbekiston va Yaman terma jamoalari oʻrtasidagi oʻyin yakunlandi. Vadim Abramov qaytgan oʻyinda Oʻzbekiston milliy jamoasi 5:0 hisobida gʻalaba qozondi.

Oʻyinning 2-daqiqasidayoq mezbonlar hisobni ochdi. Jamshid Iskanderov ajoyib uzatma bilan Doston Hamdamovni qanotdan oldinga boshladi. Doston toʻpni darvoza yaqiniga tashlab berdi va markaziy hujumchi rolida paydo boʻlgan Sanjar Qodirqulov bir harakat bilan aniq zarba berib darvoza toʻrini aniq nishonga oldi.

33-daqiqada Eldor Shomurodov hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Chap qanotdan Farrux Sayfiyev havolatib uzatgan toʻpni terma jamoaning asosiy hujumchisi boshi bilan darvoza toʻriga joyladi. 53-daqiqada Jamshid Iskanderov Oʻzbekistonning uchinchi golini urdi. Uning uzoq masofadan yoʻllagan zarbasi uzoq burchakka borib tushdi.

Ikkinchi boʻlimda Oʻzbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov zaxiradan maydonga tushib bosh bilan gol urdi, ammo hakam hujum davomida qoida buzilganini qayd etib bu golni inobatga olmadi. Koʻp oʻtmay himoyachi Islom Toʻxtaxoʻjayev burchakdan uzatilgan toʻpni darvozaga joylab qoʻydi.

Oʻzbekistonliklarning oʻyinga ikkinchi boʻlimda qoʻshilgan yana bir futbolchisi Igor Sergeyev 90-daqiqada Doston Hamdamovning uzatmasidan keyin raqib darvozaboni boʻsh qoldirgan darvozaga joylab qoʻydi va yakuniy hisobni oʻrnatdi - 5:0.

Guruhning ikkinchi uchrashuvida Saudiya Arabistoni terma jamoasi Singapur terma jamoasini 3:0 hisobida magʻlubiyatga uchratib, guruhda peshqadam boʻlib oldi.

Oʻzbekiston terma jamoasi 3 turdan soʻng (2 oʻyin) 3 ochko bilan guruh turnir jadvalida uchinchi oʻrinda joylashgan.

Vadim Abramov shogirdlari guruhdagi toʻrtinchi tur uchrashuvini 15-oktyabr kuni safarda Singapur terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi.

JCH—2022 saralashi

3-tur

Oʻzbekiston—Yaman 5:0

Gollar: 1:0 — 2 Sanjar Qodirqulov, 2:0 — 33 Eldor Shomurodov, 3:0 — 53 Jamshid Iskanderov, 4:0 — 72 Islom Toʻxtaxoʻjayev, 5:0 — 90 Igor Sergeyev

Oʻzbekiston: Eldor Suyunov, Hojiakbar Alijonov, Islom Toʻxtaxoʻjayev, Rustam Ashurmatov, Farrux Sayfiyev (Ikrom Aliboyev, 75), Otabek Shukurov, Jamshid Iskanderov (Odil Ahmedov, 57), Doston Hamdamov, Jaloliddin Masharipov, Sanjar Qodirqulov, Eldor Shomurodov (Igor Sergeyev, 79).

Yaman: Salim Avad, Al Hamri, Al Radayei (Muhammad Salim, 85), Alayeddin Mahdi, Ahmad Al Sarori, Omar Al Dahi, Abdulvasea Al Matari, Ahmad Maher (Al Vorafi, 48), Nosir Al Gaxvashi, Mufed Jamol, Emad Mansur (Fuad Omar, 71).

Ogohlantirishlar: Al Vorafi 56, Otabek Shukurov 76.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?