JCH-2018 oldidan. Futbol tarixidagi ilk mundial haqida qiziq faktlar

15:51 08 Iyun 2018 Sport
762 0

Yana olti kundan so‘ng Rossiyaning 11ta shahridagi 12ta stadionlarda futbol bo‘yicha 21-jahon chempionati bahslari boshlanadi. O‘z qit’asining eng sara terma jamoalaridan iborat 32 mamlakat vakillari g‘oliblik uchun kurash olib borishadi. Mazkur musobaqa boshlanishidan oldin "Xalq so‘zi Online” barcha jahon chempionatlari tarixiga nazar solishga qaror qildi. Dastlab ilk mundialning qiziqarli faktlari bilan sizni tanishtirib o‘tamiz.

Futbol bo‘yicha ilk jahon chempionati 1930 yilda Urugvayda bo‘lib o‘tgan. Musobaqa mamlakat mustaqilligining 100 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan.

Unda mezbonlar Urugvay terma jamoasi finalda Argentina terma jamoasi ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, futbol tarixidagi ilk chempion nomini qo‘lga kiritishgan.

Musobaqaning barcha o‘yinlari bitta shahar — Montevideoda bo‘lib o‘tgan. Bu shu kungacha o‘tkazilgan jahon chempionatlari ichida bitta shahar mezbonlik qilgan yagona turnir sanaladi.

Avvaliga Yevropa mintaqasi vakillari bu musobaqaga jiddiy qarashmagan. Ular Atlantika orqali okeanortiga borishni istashmagan. Tashkilotchilar barcha xarajatlarini o‘z bo‘yniga olishiga qaramasdan, qo‘hna qit’adan Fransiya, Yugoslaviya, Ruminiya va Belgiyagina ishtirok etishga rozilik bildiradi. Pley-off yo‘llanmasini faqatgina bolqon yarimoroli vakillari qo‘lga kiritishadi va ular ham Urugvayga duch kelib, yirik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘yishadi — 1:6.

Final oldidan Argentina va Urugvay jamoalari qaysi to‘pda — argentinaliklarnikidami, yoki mezbonlarning to‘pida — o‘ynash bo‘yicha kelisha olishmaydi. Yakunda ikkala to‘p ham bittadan taymda foydalaniladi.

Urugvayliklar hujumchisi Kastroning bir qo‘li yo‘q edi. Ammo shunga qaramay u musobaqada ishtirok etadi va hattoki final uchrashuvida gol kiritishga ham muvaffaq bo‘ladi.

O‘sha finalning so‘nggi ishtirokchisi Fransisko Varalo 2010 yilning 30 avgustida, 100 yoshida vafot etgan.

Bu JCH-1930dagi eng qiziq ma’lumotlar edi. Bundan buyog‘iga "Xalq so‘zi online”da JCHlar tarixidagi eng qiziq ma’lumotlar, shuningdek bo‘lajak JCH haqidagi muhim xabarlar, terma jamoalarning tarkibi va shu kabi boshqa ma’lumotlar bilan tanishtirib boramiz.

JCH-2018 taqvimi bilan esa bu yerda tanishib olishingiz mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?