Jazo muqarrar. Ammo maqsad jinoyatchilikning oldini olish

22:15 05 Yanvar 2019 Jamiyat
877 0

– Ilgarilari Margʻilondagi sudlarda kimlar ishlashini, ularning kasbiy malakasi, insoniy fazilatlari haqida deyarli bilmas edik. Ishi sudga tushganlardan sudyalar haqida yoqimsiz gaplar eshitar edik. Bugun vaziyat butkul oʻzgardi. Masalan, men jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahar sudi xodimlarining barchasini taniyman. Sud raisi Mansur Ibragimov mahallamizning yaqin hamkoriga aylandi, – deydi Goʻriavval MFY raisi Musojon Azizov. – Hududimizda yashaydigan 462 ta xonadon ahli ham ularni bilib olishgan. Qanday qilib deysizmi? Dastlab mahallada qonunchilik mavzusida uzluksiz suhbatlar oʻtkazdilar, u hozir ham davom etyapti. Keyin sayyor sud majlisi boʻldi. Qolaversa, aholini mahallaga kelib qabul qilishdi. Oʻzi ham koʻngli ochiq yigit ekan, aholimiz qalbidan joy topdi!

Ochigʻi, jurnalistik faoliyatim davrida sudya haqida bunday soʻzlarni ilgari eshitmaganman. Ularning qiyofasida aholidan ajralgan, oʻzgalar bilan muloqot qilishdan oʻzini tiyadigan, har narsadan shubhalanuvchi va ehtiyotkor, bir oz kiborli shaxs namoyon boʻlardi. Bugun esa ...

2018 yilda jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahar sudida 348 nafar shaxsga nisbatan 257 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan. Ammo ularning toʻrtdan bir qismi jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. Yoʻq, jinoyat sodir etmagani uchun emas.

– Sudlanganlik qonuniy cheklovlar bilan oʻsha shaxs oilasiga maʼnaviy xastalik keltiradi. Shuning uchun biz agar jinoyat sodir etgan shaxs oʻz aybiga iqror boʻlib, jabrlanuvchi bilan yarashib yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoyat kodeksining 661 – moddasini qoʻllab uni jinoiy javobgarlikdan ozod etamiz, – deydi Mansur Ibragimov. – Bu avvalo ikki tomon oʻrtasidagi adovatga barham beradi, jamiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi, kelgusida yana roʻy berishi mumkin boʻlgan jinoyat ehtimolining oldini oladi.

Birgina Margʻilonda bir yilda 73 ta jinoyat ishi shu tariqa tugatildi.

Yaqin vaqtgacha kuchishlatar va sud tizimi vakillari goʻyo toʻsiqning ikki tomonida turardilar. Qonunlarni jazolash vositasi sifatidagina qoʻllaydilar, degan tushuncha bor edi, odamlarda. Sudlar qabul qilgan qaror, hukmning aksariyati keyingi bosqichda oʻzgarishi ham bor gap edi. Shundan adolat, qonun ustuvorligi, sudya shaxsiga ishonch mustahkam emasdi. Ammo soʻnggi yillardagi islohotlar jamiyat aʼzolaridagi bu tushunchalarni oʻzgartirib yubordi. Masalan, jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan sudlangan 24 nafar shaxsga davlat byudjetiga yetkazilgan 223 455 600 soʻm moddiy zararni, jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan sudlangan 46 nafar shaxsga jabrlanuvchilarga yetkazilgan 302 554 850 soʻm moddiy zarar oʻrnini sud muhokamasida qoplanganligi sababli ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlangan. Holbuki, ilgari qoʻshnisining velosipedi, hatto tovugʻini oʻgʻirlaganlarga yillab qamoq jazosi tayinlar edi...

– Bu jinoyat uchun jazoning muqarrarligidan toyish emas, aksincha, jinoyatchini oʻz qilmishidan pushaymonligi, qonun ustuvorligini tan olib oʻziga tegishli xulosa chiqarib, yana sogʻlom jamiyatga qaytarishning qonuniy va samarali imkonidir, – deydi Mansur Ibragimov. – Provard maqsadimiz jinoyatchilikning oldini olish ekan, buning uchun barcha usullardan foydalanamiz.

Shahardagi jamoat tashkilotlari bilan tuzilgan “Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish” sohasidagi oʻzaro hamkorlik memorandumi ham ana shunday usullardan biri edi. Jinoiy ishlar boʻyicha Margʻilon shahar sudi 2018 yilda aholi oʻrtasida 208 marta davra suhbati, uchrashuvlar oʻtkazdi. Mahallalarda sayyor qabullar tashkil etdi. 157 marta OAVlarida chiqish qilindi.

Darvoqe, “Sayyor” soʻzi bugun sud leksikonidan mustahkam oʻrin olgan. Agar 2017 yilda sayyor sud majlislarida qurilgan ishlar atigi 13,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2018 yilda barcha toifadagi ishlarning 53,7 foizi mahalla, mehnat jamoalarida koʻrildi.

– Sayyor sud majlislarining taʼsirchanligini taʼminlash maqsadida sudlanuvchining yashash joyidagi mahalla yoki ish joyida koʻrilmoqda. Oʻtkazilayotgan sayyor sud majlislariga jinoyat sodir etishga moyil, uyushmagan yoshlar, muqaddam jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar, notinch oilalar vakillarini koʻproq jalb qilinmoqda, – deydi MansurIbragimov. – Har gal sud jarayoni tugagach, sodir etilgan jinoyatning kelib chiqish sabablari aholi ishtirokida muhokama qilindi. Bahs munozaralar yuzaga keldi. Lekin eng muhimi, sayyor sud va aynan unda koʻrilgan jinoyat oldini olishga bagʻishlangan suhbatlarda odamlarning huquqiy savodxonligi oshdi, jinoyatchilikning oldini olishda u ham ishtirok eta olishini angladi. Bu katta gap edi.

Oʻzbekistonda barcha sohalarda tub oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Jumladan sudlar tizimida ham. Jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahar sudining faoliyati buning birgina misolidir.

Muhammadjon Obidov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?