Javohir Sindorov jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteriga aylandi

09:17 16 Oktyabr 2018 Sport
1202 0

Bugun Vengriya poytaxtidan xushxabar keldi. Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan “First Saturday GM” xalqaro turnirida iqtidorli shaxmatchimiz Javohir Sindorov muvaffaqiyatli ishtirok etib, uchinchi grossmeysterlik talabini bajardi va 12 yoshida jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteriga aylandi. Bundan bir yil oldin Javohir xalqaro shaxmat ustasi unvoniga sazovor boʻlib, Prezidentimizning qimmatli sovgʻalarini qoʻlga kiritgandi.

Oʻtgan bir yil ichida Javohir oʻz ustida tinimsiz ishlab, joriy yil iyun oyida “Voronej open-2018” xalqaro musobaqasida birinchi, sentyabr oyida Turkiyada oʻtkazilgan 20 yoshgacha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida ikkinchi grossmeysterlik talabini bajargandi.

Shunisi quvonarliki, Javohir 12 yosh 10 oy 8 kunda grossmeysterlik unvonini qoʻlga kiritib, jahon shaxmat tarixida S.Karyakindan (12 yoshu 7 oy) keyin ikkinchi, shaxmat vatani boʻlmish Osiyoda esa birinchi - eng yosh shaxmatchi sifatida oʻz nomini tarix yilnomalariga muhrlab qoʻydi.

Shu oʻrinda aynan Osiy qitʼasida, xususan Oʻzbekistonda shaxmat yildan yilga “yosharib” ketayotganini taʼkidlash lozim. Oʻtgan yili yana bir umidli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattarov 13 yoshu 1 oyda grossmeysterlik maqomiga erishib, yurtimiz dovrugʻini olamga yoygandi. 2018 yil iyun oyida esa Hindistonlik yosh shaxmatchi Rameshbabu Pragnanandxa 12 yosh 10 oy 13 kunda shunday unvonga sazovor boʻlib, Nodirbekning “rekordi”ni yangilagandi. Javohir esa hind tengdoshini 5 kunga ortda qoldirib, jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteri degan sharafli nomni yana Oʻzbekistonga qaytardi.

Eslatib oʻtamiz, bu yuksak unvonga shaxmat boʻyicha amaldagi chempioni Magnus Karlsen 13, jahon chempionlari Robert Fisher 15, Vladimir Kramnik 16, Garri Kasparov 17, Anatoliy Karpov, Vishvanatan Anand 19, Mixail Tal 21, Tigran Petrosyan 23, Vasiliy Smislov 29, Mixail Botvinnik 39 yoshida sazovor boʻlishgan.

Dunyoning eng yosh shaxmatchilari roʻyxatining eng yuqori pogʻonasida yurtimizning ikki vunderkindi – Javohir va Nodirbeklarning turganligi yuraklarimizga faxr bagʻishlashi bilan birga yaqin yillarda jahon shaxmat tojining yana yurtimizga qaytishiga umid uygʻotadi.

“Mening mazkur yutuqni qoʻlga kiritishimda, - deydi Javohir Sindorov, - ustozlarim Sabohat va Sirojiddin Zayniddinovlar, Akrom Toshxoʻjayev, Bobur Sattarov va xalqaro grossmeyster Marat Jumayevlarning bergan saboqlari, ota-onam, yaqinlarim, ayniqsa, bobom Komil Sindorov, maʼnaviy ustozlarim Bakriddin Zaripov, Murtoza Rahmatovlarning qoʻllab-quvvatlashi, yurtimizda sportga yaratilgan shart-sharoitlar, Prezidentimizning shaxmatga eʼtiborlari asosiy omil boʻldi”.

Javohirning jahon shaxmat arenasida qoʻlga kiritgan bu olamshumul gʻalabasi bilan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etamiz.

Maʼlumot oʻrnida, jahonning eng yosh grossmeysterlari roʻyxati:


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?