“Jasliq” qamoqxonasining yopilishi yurtimiz shaʼniga dogʻ boʻlib tushgan yomon tamgʻali muassasadan voz kechish va xalqaro maydonda Oʻzbekiston imijini koʻtarishga xizmat qiladi

09:03 06 Avgust 2019 Jamiyat
136 0

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Avstriya Radio va televideniyesi – ORFning Moskvadagi vakolatxonasi muxbiri Kristian Lininger va ORF teleoperatori Taras Rinza bilan uchrashdi.

Xorijiy jurnalistlar bilan uchrashuv kecha Markaz binosida boʻlib oʻtdi.

Unda Akmal Saidov Oʻzbekiston Prezidenti kuni kecha “Jasliq” koloniyasini yopish boʻyicha qaror chiqargani, oʻtgan yili ham mamlakatda ikkita qamoqxona yopilganini alohida taʼkidladi.

– Siyosiy hayotimizda va jahon hamjamiyati oldida juda katta ahamiyatga ega boʻlgan ushbu tarixiy qadam davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli, ayni chogʻda, izchil va davomli islohotlarning yana bir yaqqol samarasidir, – dedi A.Saidov. – Chunki inson huquqlarini taʼminlash degani bu maʼlum masofadan soʻng harakat toʻxtaydigan oxirgi bekat emas, balki uzviy davom etadigan jarayondir.

“Jasliq” qamoqxonasining yopilishi, bir tomondan, yurtimiz shaʼniga dogʻ boʻlib tushgan yomon tamgʻali muassasadan voz kechish va xalqaro maydonda Oʻzbekiston imijini koʻtarishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, bevosita yurtdoshlarimizning huquq va erkinliklarini taʼminlash, xususan, mahbuslar sonini kamaytirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ana shunday insonparvar siyosat tufayli oʻtgan qisqa davrda mamlakatda mahbuslar soni ikki barobar kamayishiga erishildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda har 100 ming aholiga 94 mahbus toʻgʻri keladi. Bu MDH davlatlari, hatto Yevropa mamlakatlari bilan qiyoslaganda ham, eng yaxshi koʻrsatkichdir.

Oʻzbekiston Prezidenti keyingi 2,5 yil ichida afv etish toʻgʻrisida 7 ta Farmon imzoladi. Mustaqillik, Konstitutsiya, Navroʻz va Hayit bayramlari munosabati bilan qabul qilingan ushbu farmonlar asosida afv etilganlarning umumiy soni 3 ming 952 nafarga yetdi.

Bu – Oʻzbekiston Prezidenti tom maʼnoda inson huquqlari kafili ekanining amaliy isbotidir. Bu mamlakatimizda qonuniylik, insonparvarlik va adolat tamoyillariga mos odil siyosat olib borilayotganidan dalolatdir.

Avstriyalik jurnalistlar, shuningdek, keyingi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlari bilan bogʻliq holat qanchalik oʻzgargani, bolalar mehnatidan foydalanishga, umuman, majburiy mehnatga barham berish, siyosiy partiyalar va matbuotning erkinligini taʼminlash borasidagi soʻnggi yangiliklar haqida atroflicha axborot oldilar.

Maʼlumot uchun: Avstriya Radio va televideniyesi (ORF) – Avstriyaning yagona jamoatchilik teleradiokompaniyasidir. Uning teleradio dasturlari butun mamlakat boʻylab tarqaladi. ORFning 4 ta radiodasturi va 2 ta telekanali mavjud boʻlib, hozirgi vaqtda Avstriya telebozorida yetakchi mavqeda turibdi. ORF 7 million teletomoshabin va radiotinglovchi muxlislariga ega. ORFning Moskvadagi vakolatxonasi 1971-yili tashkil etilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?