“JASLIQ” koloniyasining yopilishi sezilarli oʻzgarishlardan darak beruvchi muhim hodisadir»

16:26 08 Avgust 2019 Jamiyat
448 0

Maʼlumki, shu yil 2-avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpogʻiston IIVga qarashli 19-sonli ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasining (“Jasliq” koloniyasi) tugatilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 1999-yilda Qoʻngʻirot tumanining Jasliq qoʻrgʻonida qurilgan muassasaning yopilishi nafaqat mamlakatimiz siyosiy hayoti, balki jahon hamjamiyati oldida ham juda katta ahamiyatga egadir. Buni xorijlik taniqli ekspertlar, jurnalistlar ham alohida eʼtirof etyapti.

Quyida ana shu munosabatlarning ayrimlari bilan tanishishingiz mumkin.

Frederik STARR,

AQSHning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, taniqli sharqshunos olim:

— Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonning uzoq hududidagi “Jasliq” koloniya¬sini yopish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Ushbu muassasa oʻn yillar davomida Oʻzbekiston va Gʻarb huquq himoyachilari eʼtibor markazida boʻlib keldi. Bu toʻgʻri. Sababi bu joyda mahkumlar qiynoqlarga solingani aytiladi. Koʻplab xalqaro tashkilotlar va muassasalar bundan norozi ekanligini bildirdi, ammo saʼy-harakatlar befoyda boʻlib kelayotgandi.

Xoʻsh, nega bunday keskin burilish roʻy berdi? Toʻgʻri, shu yil may oyida AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi Sem Braunbek “Jasliq”ni yopishni tavsiya etgandi. Qolaversa, qator NNT, BMT, “Human Rights Watch” kabi xalqaro tashkilotlar ham shunday fikr bildirishgan.

Farqi shundaki, bu gal Oʻzbekiston davlatining oʻzi Prezident ¬Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida mamlakatda inson huquqlarini taʼminlash masalalarini hal etishda yetakchi rol oʻynamoqda.

“Jasliq” koloniyasining yopilishi shunchaki hisobot uchun dersiz? Balki bu Oʻzbekiston investitsiya jalb etishni istayotgan bir paytda chet ellik tanqidchilarni tinchlantirish uchun piar-kampaniyaning bir turidir, deb oʻylarsiz? Agar faqat oʻsha qamoqxonani yopish yagona voqea boʻlganida edi, yuqoridagi xulosalarni oqlash mumkin edi. Lekin aslo bunday emas. Aslida bugun Oʻzbekiston fuqarolar huquqlariga taalluqli deyarli barcha sektorda ulkan islohotlarni amalga oshiryapti.

Hozir Oʻzbekistonda roʻy berayotgan tub yangilanishlarni baʼzi mamlakatlargina koʻngilli ravishda ilgari sura oladi. Ayniqsa, bu sobiq ittifoq hududidagi davlatlarda, ayniqsa, musulmon jamoatchiligida kamdan-kam uchraydi. Binobarin, Oʻzbekiston oʻz siyosiy va huquqiy tizimini tinch yoʻl bilan oʻzgartirishga intilayotgani ham diqqatga sazovor.

Biroq belgilab olingan barcha islohotlarni roʻyobga chiqarish uchun muayyan yillar talab etiladi. Qonunlar qayta koʻrib chiqilishi kerak, advokatlar huquq va majburiyatlari aniq belgilanishi, sudlar qayta tashkil etilishi va jamoatchilik nigohi uchun ochiq boʻlishi lozim. Odamlar ham oʻzlarini subyektlar sifatida emas, balki erkin fuqarolar, deb hisoblashlari zarur.

Mana, Shavkat Mirziyoyevning “Jasliq” koloniyasini yopish toʻgʻrisidagi qarori kabi muhim voqealar nega shu qadar katta ahamiyat kasb etishining sababi! Bu Oʻzbekiston hukumatiga mazkur yoʻnalishda kelgusi qadamlarni qoʻyish majburiyatini yuklaydi. Bunday vaziyatda Oʻzbekistonga oʻzini doʻst, deb bilganlardan mamlakatdagi islohotlar hamda oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlash talab etiladi. Ular buni inson huquqlari, taʼlim, investitsiyalar va iqtisodiy taraqqiyot jabhasidagi qoʻshma loyihalar yordamida amalga oshirishlari mumkin.

Muxtasar aytganda, “Jasliq” koloniyasining yopilishi Oʻzbekiston bilan yaqindan aloqalarni yoʻlga qoʻyish vaqti kelganini anglatadi.

Deniyel BALSON,

“Amnesty International” tashkilotining Vashington shahridagi vakolatxonasining Yevropa va Markaziy Osiyoda inson huquqlarini ilgari surish boʻyicha direktori:

— “Jasliq” koloniyasini ¬tugatish toʻgʻrisidagi yangilik chuqur ramziy maʼnoga ega hamda Oʻzbekistonda qiynoqlarni yoʻq qilish yoʻlidagi eng muhim qadamlardan biridir. Uzoq yillar davomida “Jasliq” mamlakatda inson huquqlari toptaladigan eng yomon muassasa sifatida tilga olib kelingan. Xalq¬aro tashkilotlar, jumladan, BMTning Qiynoqlar boʻyicha maxsus maʼruzachisi, Inson huquqlari boʻyicha kengashi uni yopishga bir necha bor chaqirishgan.

Bugungi voqea esa haqiqatan ham, sezilarli oʻsishdan guvohlik berib turibdi. “Amnesty International” nafaqat ushbu qarorni samimiy olqishlaydi, balki Oʻzbekiston mansabdor shaxslarini Prezidentning mazkur qarorini hayotga tatbiq etishda yanada koʻp ish qilishga qatʼiy chaqiradi.

Bu juda ijobiy voqea. “Jasliq” Oʻzbekiston nufuzidagi qora dogʻ edi va uning yopilishi mamlakatda inson huquqlari sohasida oldinga tashlangan muhim qadam boʻladi.

Melissa XUPER,

“Human Rights Watch” huquqni himoya qilish tashkiloti vakili:

— “Jasliq” koloniyasini yopishyaptimi? Bu mashʼum joyning tugatilishi — juda yaxshi yangilikdir!

Eduards STIPRAYS,

Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari:

— Bu biz kutgan va hukumatingiz bilan muhokama qilgan juda muhim voqelikdir. Bizda bunday ruhdagi hamkorligimizni mutlaq yangi darajada rivojlantirish imkoniyati mavjud.

Joanna LILLIS,

“The Economist” jurnalining Markaziy Osiyo boʻyicha muxbiri (Buyuk Britaniya):

— Bu juda muhim voqea Oʻzbekiston uchun ajoyib yangilikdir!

Jennifer MURTAZASHVILI,

Pittsburg universiteti ijtimoiy va xalqaro munosabatlar maktabi xalqaro rivojlanish dasturlari direktori (AQSH):

— “Jasliq” mahbuslar uchun shafqatsizlik koloniyasi edi. Uning yopilishi juda katta mujda va kelajak uchun muhim ahamiyatga ega.

Oʻz navbatida, Prezidentimizning “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish toʻgʻrisida”gi qarorini YEXHTning Oʻzbekistondagi koordinatori Jon MakGregor, AQSH Davlat departamentining diniy kamchilik boʻyicha maxsus ¬maslahatchisi Tems Noks, AQSH Global jalb etish instituti faxriy prezidenti Kris Saypl yuksak baholashdi.

S. MAXSUMOV
(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?