Jarimaning 70 foizi toʻlansa, qolganidan ozod boʻlish mumkin

10:43 07 Avgust 2019 Jamiyat
185 0

Oliy Majlis Qonunchili palatasi deputati Rasul Kusherbayev Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga jarima yoʻnalishida yangi modda kiritilayotgani, uning mazmun-mohiyati haqida fikr bildirdi:

“Huquqbuzar jarima solish haqida qaror topshirilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy toʻlagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinishi boʻyicha Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi modda kiritilmoqda.

Bugun qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Kodeksga yangi kiritilayotgan 332-1 moddaga koʻra:

maʼmuriy jarima sud tomonidan tayinlanganda;

jarima solish toʻgʻrisidagi qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest berilganda;

huddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda ushbu tartib qoʻllanilmaydi.

Oʻtgan davrda Ichki ishlar organlari tomonidan solingan jarimalarning ixtiyoriy ravishda toʻlangan koʻrsatkichlari baland emasligi maʼlum boʻldi. Bu koʻrsatkich 2017-yilda 43 foizni, 2018-yilda esa 55 foizni tashkil etgan.

Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida (Angliya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Qozogʻiston kabi) huquqbuzar jarimaning 70 yoki 50 foizini qonunchilikda belgilangan muddatda (joyning oʻzida yoki 7, 15, 20 yohud 21 kunda) toʻlasa jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinishi belgilangan.

Yodda tutish kerakki, ushbu qonun loyihasi qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi hamda mazkur qonun kuchga kirgandan soʻng chiqarilgan jarima solish toʻgʻrisidagi qarorlarga tadbiq etiladi.

Yoʻl harakati qoidalarini buzish bilan bogʻliq jarimalarni toʻlash masalasi fuqarolarni nisbatan koʻproq bezovta qilishini inobatga olib, kemeralar bilan bogʻliq jarayonda muammolar kelib chiqmasligi uchun loyiha ustida koʻproq tortishishga toʻgʻri keldi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?