Jarimani oshirgandan koʻra, yoʻllardagi infratuzilmani yaxshilash zarur

14:11 10 Mart 2020 Siyosat
152 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida koʻplab qonun loyihalari qatori “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi koʻrib chiqilmoqda.

Loyihada tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga yoʻl bermaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka oid yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish maqsadida tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga toʻsiqsiz oʻtib ketishi uchun yoʻl bergan transport vositalari haydovchilarini javobgarlikdan ozod qilish boʻyicha qoida kiritish taklif etilgan.

Haydovchilarni ijtimoiy masʼuliyat nuqtayi nazaridan yoʻl qoidasini buzganlik uchun javobgarlikdan ozod etish adolat prinsiplariga mos ish, deyish mumkin.

Qonun loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1285-moddasi transport vositalari haydovchilarining koʻk yoki koʻk va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralarini yoqqan holda yaqinlashib kelayotgan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga toʻsiqsiz oʻtib ketishiga xalaqit berishi uchun javobgarlik kiritilib, bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishni belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, ushbu moddaning uchinchi qismi sanksiyasida yigirma baravari miqdorida belgilangan jarima miqdorini yigirma besh baravarga oshirish, taklif etilgan.

Masʼul qoʻmitada oʻrganib chiqilayotgan qonun loyihasi boʻyicha deputatlar maxsus xizmatlarning transport vositalariga toʻsiqsiz oʻtib ketishiga xalaqit berishi uchun javobgarlikni kuchaytirishdan oldin, bunday harakatlanish uchun yoʻllardagi infratuzilmani yaxshilash zarurligini bildirmoqdalar.

Shuningdek, deputatlar bunday qoidabuzarlik uchun amalda boʻlgan jarimalarni oshirish maqsadga muvofiq emasligini maʼlum qilib, mavjud jarimalar miqdorining oʻzi ham koʻpgina xorij mamlakatlariga nisbatan yuqori ekanligini taʼkidlashmoqda.

Ayni paytda qonun loyihasi yuzasidan deputatlarning takliflarini inobatga olgan holda tegishli qoʻmitaning xulosasi tayyorlanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?