Jarayon real vaqt rejimida kuzatib boriladi

16:57 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
156 0

«Amu – Buxoro» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qoshidagi meliorativ ekspeditsiyada masofaviy monitoring va axborot almashish tizimi yaratildi. U Yevropa Ittifoqining qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish dasturi doirasida amalga oshirildi.

Tizimni yaratishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi texnik salohiyatni mustahkamlash loyihasiga muvofiq ajratilgan grant mablagʻlari qoʻl keldi.Tashkilot zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlandi.

— Mamlakatimiz suv xoʻjaligini 2020 – 2030-yillarda rivojlantirish konsepsiyasida suv xoʻjaligida bozor tamoyillarini, raqamli texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifa etib belgilangan, — deydi mazkur ekspeditsiya boshligʻi oʻrinbosari A. Qudratov. — Shu nuqtayi nazardan zamonaviy texnologiyaga asoslangan tizimning yaratilishi ayni muddao.Bu bizga tuproqning minerallashuvi, yer osti suvlari darajasi va sifatini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beradi.Vaholanki, ilgari bu kabi yumushlar qoʻl kuchi bilan qogʻoz vositasida bajarilar, juda koʻp vaqt va katta kuch sarflanar edi.

Zamonaviy tizimning afzalligi bu bilan chegaralanib qolmaydi. Endilikda fermer xoʻjaliklari hamda agroklasterlarning oʻzlariga tegishli ekin maydonlari meliorativ xaritasini tayyorlash bilan bogʻliq buyurtmalarini bajarish uchun ekspeditsiya jamoasiga atigi bir kun kifoya.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?