Janubiy Koreyaning “Korea medical fund Sangwon Clinik Himchan” klinikalar tarmogʻi Buxoroda qiyosi yoʻq shifoxonani ishga tushirdi

10:44 26 Noyabr 2019 Jamiyat
631 0

Mazkur loyihaning ahamiyatini koʻrsatib beradigan bir dalilni tilga olmoqchimiz.Koreys investorlari uni roʻyobga chiqarish uchun 7,1 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan – toʻgʻri sarmoya kiritishdi.Lekin uning qadr - qimmati shu bilan chegaralanib qolmaydi.Ushbu shifo maskanida suyak va boʻgʻim xastaligining ogʻir darajalari bilan ogʻrigan bemorlarni davolash imkoniyati bor.Boshqacha aytganda,endi shifo izlab xorijga borishning hojati yoʻq.

Aytish joizki, “Korea medical fund Sangwon Clinik Himchan”ning Janubiy Koreyaning oʻzida 8 ta klinikasi mavjud.Uning Birlashgan Arab Amirliklari va Rossiya Federatsiyasida ham filiali bor.Endilikda ular qatoriga Buxorodagi ushbu klinika ham qoʻshildi.

-Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasida barcha sohalar qatori tibbiyot yoʻnalishida ham hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda,- deydi “Ximchan –Buxoro” klinikasi bosh shifokori Seo Jong Pil.- Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2017-yilda mamlakatimizga qilgan rasmiy tashrifi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtardi.Buxoro viloyati hokimi Oʻktam Barnoyev boshliq delegatsiyaning 2018-yil mart oyida Koreyada boʻlib, sogʻliqni saqlash sohasida ham hamkorlik qilish boʻyicha memorandum imzolashi esa ushbu yirik loyihaning roʻyobga chiqarishda poydevor vazifasini oʻtadi.Markazimizda asosan ortopediya, travmatologiya, neyroxirurgiya yoʻnalishlarida bemorlar jarrohlik yoʻli bilan shifo topadi.Bemorning asoratsiz oyoqqa turib ketishi asosiy vazifamiz sanaladi.Reabilitatsiyaga katta eʼtibor qaratamiz.Shu maqsadda fizioterapiya boʻlimi faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi.

Zamonaviy tibbiy asbob – uskunalar bilan jihozlangan, 90 ta shifo oʻrniga ega klinika sharofati bilan 141 ta yangi ish oʻrni yuzaga keldi.Mahalliy shifokor va hamshiralar tanlov asosida saralab olindi.

-Shundan soʻng biz bir hafta davomida Janubiy Koreyada boʻlib, kasbiy malakamizni oshirdik,-deydi klinika hamshirasi Nigora Bahronova.-Dunyoning yetakchi tibbiy muassasalaridan biri sanalgan klinikalar tarmogʻining ushbu filialida ishlashdan juda xursandmiz.Oʻz bilim va tajribamiz bilan aholi salomatligini muhofaza qilishdek ezgu ishga hissa qoʻshamiz.

Darvoqe, klinika ish boshlamay turiboq xayrli yumushlarga qoʻl urgan edi.Chunonchi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi, “Mahalla” jamoat fondi tomonidan tavsiya etilgan bemorlarning dastlabki yetti nafari Janubiy Koreyada davolanib qaytdi.Klinikalar tarmogʻi kadrlar malakasini oshirish, oʻzaro tajriba almashish kabi qator yoʻnalishlarda ham sogʻliqni saqlash boshqarmasi va Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda.

25-noyabr kuni klinikaning ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.Unda “Korea medical fund Sangwon Clinik Himchan” klinikalar tarmogʻi mutasaddilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.Marosimda soʻz olganlar oʻzbek – koreys hamkorligining mevasi boʻlgan ushbu shifo maskani jamoasining aholi salomatligi yoʻlidagi ishlariga muvaffaqiyat tiladilar.

Tadbirda respublika Sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmonov hamda viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev ishtirok etdi.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?