Janubiy Koreya Prezidentining Oʻzbekistonga tashrif sanasi maʼlum boʻldi

14:22 09 Aprel 2019 Siyosat
413 0

Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In Markaziy Osiyo davlatlariga turnesi doirasida 18-21 aprel kunlari Oʻzbekistonga tashrif buyuradi.

“Janubiy Koreya va Oʻzbekiston Prezidentlari ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yaxshilash hamda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash chora-tadbirlarini muhokama qiladilar”, - deyiladi Mun Chje In matbuot xizmati xabarida.

Turne davomida Koreya Respublikasi rahbari Turkmaniston(16-18 aprel) va Qozogʻiston(21-23 aprel)ga ham boradi.

Oʻzbekistonga tashrif davomida sanoat va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish, energetika, logistika va infratuzilmalarni rivojlantirish, atrof muhit va texnologiyalar, millatlararo aloqalarni mustahkamlash sohalaridagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqilishi kutilyapti.

Ayni paytga kelib ikki davlat oʻrtasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qator strategik muhim yirik loyihalar muvaffaqiyatli yakunlandi va amalga oshirilmoqda. Avtomobilsozlik, transport infratuzilmalari, neft-gaz sektori, AKT, togʻ-kon sanoati shular jumlasidandir.

Janubiy Koreya Oʻzbekistoning yetakchi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklaridan biridir. Yillik tovar aylanmasi 1 mlrd. dollardan oshadi, jalb etilgan sarmoyalar hajmi esa 7 mlrd. dollarga teng. Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mahsulot ayirboshlashda Oʻzbekistonning ulushi qariyb 50 foizni tashkil etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?