Janubiy Koreya Prezidenti parlament aʼzolari oldida nutq soʻzladi

17:02 19 Aprel 2019 Jamiyat
438 0

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Oʻzbekistonga davlat tashrifi doirasida 2019 yil 19 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi. Bu haqda ”Xalq soʻzi” muxbiri Parlament matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.

Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi ishonchli hamkorlar hisoblanadi. Diplomatik aloqalar oʻrnatilgan 27 yil ichida mamlakatlarimiz oʻrtasida barcha yoʻnalishlarda hamkorlik olib borilmoqda. Bu vaqt mobaynida Oʻzbekiston Koreyaning ishonchli sherigi sifatida oʻzini namoyon qila oldi va ikki davlat munosabatlari bugungi kunda strategik hamkorlik asosida rivojlanib bormoqda. Aloqalar teng huquqli, oʻzaro manfaatlarga asoslangan ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy-moliyaviy yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifani ochib berdi. Mazkur tashrif davomida strategik hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma bayonotning qabul qilinishi, davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 20 dan ortiq kelishuv, shuningdek, umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 60 dan ziyod hujjatning imzolanishi ham davlatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro ishonchning mustahkamligidan dalolatdir.

Oʻzaro munosabatlarda parlamentlararo aloqalar ham muhim oʻrin tutadi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi hamkorlik 1995 yilda boshlangan boʻlib, oʻsha paytda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida “Koreya – Oʻzbekiston” parlament doʻstlik assotsiatsiyasi tuzilgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida esa, 2005 yildan buyon Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh faoliyat yuritadi.

2017 yilning sentabr oyida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Chon Se Gyun rahbarligidagi nufuzli delegatsiya mamlakatimizda mehmon boʻldi va parlamentimiz aʼzolari bilan uchrashdi. 2018 yilning fevral oyida esa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri rasmiy tashrif bilan Koreya Respublikasida boʻlib, tashrif yakunlari boʻyicha Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ayni yoʻnalishdagi hamkorlik parlamentlar oʻrtasida doimiy ishchi aloqalarni saqlab turish, tajriba almashish, turli tadbirlarda ishtirok etish imkonini beradi.

Oliy martabali mehmon deputatlar va senatorlar oldida nutq soʻzlab, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar, parlamentlararo munosabatlar, manfaatli hamkorlik istiqbollari xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.

— Oʻzbekiston va Koreya hali birorta davlat koʻrmagan muhim munosabatni oʻrnatishga muvaffaq boʻlgan, — dedi Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In. — Xalqlarimiz uzoq vaqt davomida bir-biriga iliq munosabatda boʻlib, chuqur tushunish va doʻstlik asosida hamkorlik qilib keldi. Oʻzbekistonning taraqqiyoti — Koreyaning taraqqiyotidir. Koreya iqtisodiy rivojlanish tajribasini, albatta, Oʻzbekiston bilan oʻrtoqlashadi. Ikki mamlakat aloqalari innovatsiya va taraqqiyot bilan roʻyobga chiqadi. Men mana shu minbarda soʻzlash imkoniyatini yaratib bergani uchun Oʻzbekiston xalqiga va uning parlamenti aʼzolariga minnatdorlik bildiraman.

Shu bilan birga, Mun Chje In Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlantirilishida Oliy Majlis vakillarining hamda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi aʼzolarining ham oʻz hissasini qoʻshishlariga umid bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?