Janubiy Koreya Oʻzbekistonni JSTga kirish yoʻlidagi intilishlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlamoqda

17:22 05 Dekabr 2019 Jamiyat
153 0

Maʼlumki, Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga kirish yoʻlida muayyan saʼy-harakatlarni olib boryapti. Bu borada tegishli ishchi guruh va ixtisoslashtirilgan kichik guruhlar tashkil etilib, “yoʻl xaritasi”ni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi, mazkur yoʻnalishda katta tajribaga ega davlatlar bilan fikr almashishi, hamkorlik qilishi mamlakat va xalqimiz uchun qanchalik foydali hamda istiqbolli, kelajakda qanday imkoniyatlar eshigini ochib beradi?

Kecha Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini iqtisodiy baholash” mavzuidagi ilmiy-amaliy seminarda aynan ushbu masalalar diqqat markazida boʻldi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institut tomonidan Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti (KXISI) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda tegishli vazirlik vakillari, koreyalik va mahalliy ekspertlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari qatnashdi.

Seminar davomida KXISI mutaxassislari Oʻzbekistonning JSTga kirishi qishloq xoʻjaligiga qanday taʼsir koʻrsatishi boʻyicha oʻtkazgan tadqiqotlari natijalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, JST dunyodagi mahsulotlar oqimi umumiy hajmining 94 foizidan ziyodini oʻzida qamrab olgan. Binobarin, mamlakatimizning mazkur tashkilotga aʼzo boʻlishi tashqi iqtisodiy siyosatimizdagi ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilab qoʻyildi.

Xoʻsh, JSTga kirishda iqtisodiyot uchun salbiy oqibatlardan qanday qilib qochish mumkin? Ekspertlarning aytishicha, buning uchun, avvalo, iqtisodiyot sektorlari, tovar ishlab chiqaruvchilar shu boʻyicha talablarga tayyor boʻlishi kerak. Uning davlat tomonidan nazorat qilishda foydalanilayotgan mexanizmlarga muvofiqligi ham har tomonlama baholanishi zarur. Oʻzbekistonda aynan mana shunday mezonlar asosida Jahon savdo tashkiloti oilasi tarkibidan joy olish jarayonini amalga oshirish rejalashtirilyapti.

Seminar toʻrtta shoʻba yigʻilishida oʻz ishini davom ettirdi. Ularda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish yoʻlidagi asosiy muammolar, buning qishloq xoʻjaligiga taʼsirini baholash, milliy institutsional salohiyat va ekspertiza tizimini yaratishda Oʻzbekiston hukumatiga koʻmak berish masalalari muhokama qilindi. Koreyalik va oʻzbekistonlik ekspertlarning mavzular yuzasidan maʼruzalari tinglandi, taqdimotlari bilan yaqindan tanishildi.

Yakunda Oʻzbekiston vazirliklari va idoralariga taqdim etish uchun tavsiyalarni oʻz ichiga olgan qoʻshma maʼruza tayyorlashga kelishib olindi.

Soʻz seminar ishtirokchilariga:

Bahromjon SOTIBOLDIYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi:

— Bugungi kunda mamlakatimizning JSTga aʼzo boʻlish yoʻlidagi harakatlari faollashtirildi, Bu borada xorij, jumladan, Koreya Respublikasining mazkur tashkilotga aʼzo boʻlish tarixi va tajribasi biz uchun qiziq va muhim. Mazkur tadbir ham aynan shu maqsadda tashkil etildi. Taʼkidlash joizki, Janubiy Koreya iqtisodiyotida ham taraqqiyot yoʻli boshida agrar soha ustuvorlik qilgan. JSTga aʼzo boʻlish arafasida mazkur mamlakat qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida juda katta va chuqur islohotlarni amalga oshirgan. Bugungi kunga kelib Koreya Respublikasi iqtisodiyoti 1 trln. dollardan ziyodga yetishida aynan agrar jabha tizimi tubdan oʻzgartirilgani ham katta rol oʻynagan. Xabaringiz bor, Oʻzbekistonda ham qishloq xoʻjaligi katta salohiyatga ega. Shunday ekan, yurtimizda JSTga kirish yoʻlida turli tarmoqlar, xususan, agrar sohada ham katta oʻzgarishlar qilinyapti. Taʼkidlash joiz, yurtimizda qishloq xoʻjaligidagi yangilanishlar bir vaqtning oʻzida qator yoʻnalishlarda ketmoqda. Bunda, ayniqsa, klaster tizimiga oʻtilayotganining ahamiyati katta. Zero, ushbu mexanizmning eng foydali tomoni agrar jabhadagi ishlab chiqaruvchi oʻz xom ashyosini oʻzi qayta ishlab, qoʻshimcha qiymatga ega yakuniy mahsulot yaratadi va uni tashqi bozorga yetkazib berish imkoniyatini qoʻlga kiritadi, eng muhimi raqobatga kirishadi. Natijada JST doirasidagi davlatlar bilan savdo ijobiy tomonga oʻzgaradi. Aytib oʻtganimdek, bunda Koreya tajribasi ayni muddao. Boisi bu davlat mazkur bosqichni bizdan bir necha oʻn yil oldin bosib oʻtgan. Janubiy Koreya JSTga kirgandan keyingi rivojlanish bosqichlari, toʻplagan tajribalari boʻyicha maʼlumotlarni bizga begʻaraz taklif etayotganidan xursandmiz.

Xongyul XANKoreya Respublikasining Xanyang universiteti professori:

—Janubiy Koreya Oʻzbekiston tomonidan JSTning toʻla huquqli aʼzosi maqomini olishga tayyorgarlik koʻrish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini ijobiy baholaydi. Xususan, xorij investitsiyalarini himoya qilish uchun Xalqaro arbitraj markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu chet el sarmoyalarini muhofaza qilishning samarali vositasidir. Koʻplab kompaniyalar tashqi savdo bahslarini mahalliy sudlardagi odatiy tortishuvlardan koʻra, Xalqaro tijorat arbitrajida hal etilishini afzal deb biladi.

Oʻzbekiston JSTga kirish orqali jahon iqtisodiy munosabatlari moliyaviy, investitsiyaviy yagona tizimining bir qismiga aylanadi. Ushbu tashkilotga aʼzolik respublikani hamkorlikka ochiqligi va xorij sarmoyadorlarini jalb etishga tayyorligini keng namoyon etadi.

Shu oʻrinda aytish lozim, Janubiy Koreya ham Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi uchun agrar sohada ulkan islohotlarni amalga oshirgan, savdo-sotiq, real sektorlar, kapital va valyuta bozorini liberallashtirishga alohida eʼtibor qaratgan. Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirgan. Imtiyozlar, tariflar tuzilmasini davr talablariga moslab oʻzgartirib, takomillashtirib borgan. Oʻzbekistonda ham mazkur yoʻnalishlarda sinovdan oʻtgan islohotlar qatʼiy davom ettirilayotgani eʼtiborga loyiq.

Saidjon MAXSUMOV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?