Janubiy Koreya matbuoti: O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori ortib bormoqda

16:18 04 May 2018 Siyosat
447 0
Foto: uzreport.news

Dunyo nigohi

Ma’lumki, yaqinda mamlakatimizga Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva xonim tashrif buyurdi. Janubiy Koreya matbuotida ushbu voqelik keng yoritildi, qator ommaviy axborot vositalari Toshkentdan maxsus reportajlar tayyorladi. Maqolalarda nafaqat bo‘lib o‘tgan muzokaralar, balki O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti haqida ham so‘z bordi.

Xususan, yetakchi axborot agentliklaridan biri “Yonhap News” Kan Gyon Xva xonimning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgani haqidagi axborotni tarqatdi.
“Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama aloqalar barcha jabhada faol jadallashgani e’tirof etildi. O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil noyabr oyida Seulga amalga oshirgan davlat tashrifining katta ahamiyatga egaligi, uning natijalari O‘zbekiston — Janubiy Koreya munosabatlarining rivojlanish vektorini aniqlab bergani ta’kidlandi”, deyiladi maqolada.

Agentlikning ma’lum qilishicha, muzokaralar chog‘ida Kan Gyon Xva xonim rasmiy Seul o‘zbek diplomatiyasi tomonidan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lida amalga oshirilayotgan faol chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. Tahlilchilarning fikricha, afg‘on zaminida osoyishtalik o‘rnatilishi Sharqiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning kuchayishiga ko‘maklashishi mumkin.

“ET News” gazetasida e’lon qilingan maqolada Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar O‘zbekiston rahbariyatini rasmiy Seul tomonidan Koreya yarimorolidagi keskin vaziyatni bartaraf etish borasidagi sa’y-harakatlari to‘g‘risida ma’lumot berish uchun qulay imkoniyat yaratgani ta’kidlandi. Jurnalistlar yaqinda ikki Koreya rahbarlari o‘rtasida sammit bo‘lib o‘tishini hamda uning yakunlari butun Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikka katta ta’sir ko‘rsatishini bildirdilar.

“Maeil Broadcasting Network” media-guruhiga kiradigan ikki telekanalda Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirining Toshkentga tashrifiga bag‘ishlangan maxsus dasturlar namoyish qilindi. Ko‘rsatuvlarda so‘nggi o‘n bir yil mobaynida ilk bor Koreya Respublikasi tashqi ishlar mahkamasi rahbari O‘zbekistonga tashrif buyurgani alohida qayd etildi. Bu ikki mamlakat hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Reportajlarda Kan Gyon Xva xonimning O‘zbekistondagi koreys diasporasi vakillari bilan uchrashuviga ham alohida e’tibor qaratildi. “O‘zbek zaminida koreyslar tinch va hamjihatlikda yashab kelmoqda. Ularning madaniyati hamda an’analarini saqlab qolish uchun respublikada barcha shart-sharoit yaratilgan”, deydi jurnalistlar.

“Korean Broadcasting System” (KBS) telekanali Toshkentdan batafsil reportaj namoyish qilib, unda, xususan, poytaxtimizning so‘nggi yillarda salmoqli darajada o‘zgargani haqida so‘z yuritildi. “Butun mamlakat bugun o‘zgarishlarga yuz tutmoqda: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda”.

Respublikamizda davlat va jamiyatning barcha jabhasida islohotlar olib borilayotganini ta’kidlar ekan, jurnalistlar bu borada boshqaruv tizimini takomillashtirish, valyuta bozorini liberallashtirish, viza tartibini yengillashtirish hamda boshqa yo‘nalishlarda qabul qilingan qarorlar jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholanganini bildirdilar. Chunonchi, o‘zbek diplomatiyasining faollashgani ham alohida e’tirof etildi: “respublikaning dunyodagi obro‘-e’tibori ortib, xorij davlatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalar kengaydi”.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq so‘zi”) tayyorladi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?