Janubiy Koreya kompaniyasi Oʻzbekistondagi bogʻchalarga 2000 ta raqamli pianino yetkazib berdi

18:55 16 Aprel 2019 Madaniyat
619 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Davlatimiz rahbarining 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida qator muhim kelishuvlarga erishilgandi.

Xususan, BooyoungHousingCo. LTD. kompaniyasi bilan Oʻzbekistondagi taʼlim muassasalari uchun 2000 dona zamonaviy raqamli pianinoni begʻaraz yetkazib berish boʻyicha bitim imzolangandi.

Binobarin, oʻtgan yildan ana shunday musiqa asboblarini yurtimizga yuborish boshlandi.

Bugun raqamli pianinolarning oxirgi turkumi qabul qilib olindi.

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi vazirlari, pedagoglar, oʻquvchi va tarbiyalanuvchilar, qolaversa, BooyoungHousingCo. LTD. kompaniyasi rahbariyati vakillari ishtirok etdilar.

Maktabgacha taʼlim vaziri Agreppina Shin BooyoungHousingCo. LTD. kompaniyasi, xususan, uning prezidenti Li Jong Keunga oʻzbekistonlik bolalarga innovatsion cholgʻu sozlarini taqdim etgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Taʼkidlash joiz, mazkur loyiha maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarga badiiy-estetik tarbiya va musiqa taʼlimini berishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, zamonaviy raqamli pianinolar hozirgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand, Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahridagi MTMlarga yetkazib berildi va bu jarayon boshqa hududlarda ham davom ettiriladi.

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Bu esa Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusdan biri — yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?