Janni Infantino: Futbol boʻyicha Qatarda oʻtkaziladigan jahon chempionatida 48 ta terma jamoa qatnashadi

20:01 02 Noyabr 2018 Sport
788 0

FIFA prezidenti Janni Infantino Kuala-Lumpurda Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) Kongressi delegatlari oldida chiqish qilar, 2022 yilda Qatarda boʻlib oʻtadigan navbatdagi jahon chempionatida ishtirok etadigan terma jamoalar soni rejalashtirilganidek 32 ta emas, balki birdaniga 48 ta boʻlishi mumkinligini istisno etmagan.

“Biz 2026 yildan jahon chempionati ishtirokchilari sonini 48 tagacha kengaytirishga qaror qilib boʻldik, - dedi u. — Bu 2022 yildayoq roʻy berishi mumkinmi? Mumkin. Nima uchun yoʻq? Sizda(Osiyo terma jamoalari-tahr.) katta imkoniyat paydo boʻladi. Oʻylashimcha, ushbu gʻoyani amalga oshirsa boʻladi. Biz qatarlik, shuningdek, mintaqadagi doʻstlarimiz bilan ham buni muhokama etyapmiz. Umid qilamanki, hammasi yaxshi boʻladi. Juda boʻlmaganda, shunga harakat qilib koʻrish kerak”.

“Kommersant” gazetasining yozishicha, FIFA prezidentining bayonoti AFC Kongressi delegatlari tomonidan katta olqishlar bilan kutib olindi. Ayniqsa, uning Osiyoga jahon chempionatiga beriladigan yoʻllanmalar sonini hozirgi 4,5 ta oʻrindan 8,5 tagacha koʻpaytirish haqidagi soʻzlari barchani xursand qilgan.

“JCH-2022” tashkiliy qoʻmitasi rahbari Hassan al-Tavadiy ham jahon chempionatini kengaytirish varianti koʻrib chiqilishini tasdiqladi. Uning maʼlum qilishicha, Qatar bu boradagi imkoniyatlarini oʻrganib chiqadi va kelgusi yil yoz oyida boshlanadigan mundial uchun saralash bahslari arafasida shu boʻyicha oʻz qarorini eʼlon qiladi.

“Qaror kelgusi yilning birinchi choragi yakuniga qadar qabul qilinishi, mumkin”, - deydi Tavadiy.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?