Jamshid PIRMATOV: Mustaqillik — barcha muvaffaqiyatlarimiz va farovon turmushimiz kafolati

14:57 29 Avgust 2019 Jamiyat
1099 0

Insoniyat uchun eng oliy neʼmatlardan biri bu – mustaqillikdir. Inchunun, xalqlarning ozodlik va erk uchun qonli kurashlariga necha ming yillik tarix shoxid ekani barchamizga yaxshi maʼlum. Zero, bugun dunyo xaritasidan oʻrin egallagan har bir mustaqil davlat xalqlari erkin yashash, oʻz taqdirini oʻzi hal qilish imkonini qoʻlga kiritgan kunni muqaddas sanab, bayram sifatida nishonlaydi. Bugun iqtisodiy jihatdan eng qudratli va taraqqiy etgan davlatlar ham, asrlar oʻtsa-da, istiqlolga erishgan kunini tantana qiladi.

Nima uchun?

Chunki har qaysi millat yoxud xalq uchun vaqt oʻtgani sari erk va ozodlikning qadr-qimmati va ahamiyati yuksalib boraveradi.

Jonajon Oʻzbekistonimiz istiqlolni qoʻlga kiritganining 28 yilligi nishonlanayotgan shu qutlugʻ kunlarda xalqimizning qalbida shukronalik, bugungi tinch-osuda hayotimiz, farovon turmushimizdan rizolik hamda yorugʻ kelajakka boʻlgan chuqur ishonch mujassam, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Darhaqiqat, bugun hayotimizning barcha jabhalarida qoʻlga kiritgan yutuqlarimiz bundan 28 yil muqaddam xalqimizning eng ulugʻ orzusi – mustaqillikka erishish yoʻlida qabul qilingan tarixiy qarorning, taʼbir joiz boʻlsa, oʻsha tahlikali davrda koʻrsatilgan jasoratning mevasidir.

Yigirma sakkiz yillik ushbu davrda jamiyatimizning barcha sohalarida amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalarini tahlil qilar ekanmiz, mehnatsevar xalqimiz bu davrda ham oʻziga xos murakkabliklardan, turli sinovlardan mardonovor oʻtib, dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrni va ovoziga ega boʻlib kelayotgani barchamizni quvontiradi, albatta. Ayniqsa, keyingi uch yilda xalqimizning turmush sifatini yanada yaxshilash, odamlarni hayotdan rozi qilish, ularning kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlash, mamlakatimizni dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan oʻrin egallashini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan tub islohotlar hamda erishilayotgan muvaffaqiyatlar Oʻzbekistonning yangi tarixini yaratish yoxud taraqqiyotning navbatdagi bosqichi sari tashlangan qadamlar sifatida eʼtirof etilmoqda.

Ushbu davrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qatʼiyati va siyosiy irodasi tufayli jamiyatimizda qonun ustuvorligiga erishish, adolat va haqiqatni qaror toptirish, ochiqlik, oshkoralikni taʼminlash, mavjud muammolarga koʻz yumish emas, aksincha, ularni bartaraf qilish yoʻllarini topishga ustuvor ahamiyat qaratib kelinayotgani oʻzining yuksak samaralarini bermoqda. Bu borada, ayniqsa, parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarining mustahkamlanayotgani, aholi murojaatlari bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyilgani nafaqat joylardagi muammolarni oʻrganish, balki fuqarolardan qonunchilikni mustahkamlash yuzasidan takliflar olish hamda qonunlarning haqiqiy ijodkori xalqimizning oʻzi boʻlishi sari yoʻl ochib berdi.

Oʻtgan qisqa davrda parlamentimiz qabul qilgan qonunlar aynan fuqarolarmiz tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar asosida ishlib chiqilgani bu boradagi fikrimiz dalilidir.

Mamlakat taraqqiyotini harakatlantiruvchi asosiy kuch sanalgan iqtisodiyot sohasida ham keyingi yillarda izchil yangilanishlar amalga oshirilyapti.

Maʼlumki, xorijiy investitsiyalar milliy iqtisodiyot va uning hududlarni barqaror rivojlantirishga, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash hamda innovatsion taraqqiy ettirishda muhim rol oʻynaydi. Shundan kelib chiqib, yurtimizda ham ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, qoʻshimcha ish joylari yaratish, ishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy kooperatsiya orqali jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvni kuchaytirish maqsadida xorijiy sarmoyalarni keng jalb etishga muhim eʼtibor qaratilmoqda.

Qolaversa, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi hududiy tafovutlar va nomutanosibliklarni qisqartirishning muhim vositasi sifatida xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar hududlarda mavjud tabiiy iqtisodiy, mehnat resurslaridan samarali foydalanishga, shu orqali iqtisodiyotning hududiy tarkibini takomillashtirishga imkon yaratmoqda.

Butun dunyoda xorijiy investitsiyalarni jalb etish tobora murakkab kechayotgan bir davrda davlatimiz rahbari tomonidan investitsiyalarni olib kelib, qulay investitsiya muhitini yaratish maqsadida qabul qilingan qaror va farmonlarda belgilab berilgan aniq vazifalar oʻzining ijobiy natijasini bermay qolmayapti. Jumladan, keyingi yillarda vazirlar va tarmoqlar rahbarlari hududlarga yuborilib, joylarda yangi korxonalar va doimiy ish oʻrinlari tashkil etishni taʼminlaydigan investitsiya loyihalari ishlab chiqish hamda amalga oshirish boʻyicha yangi tizim yaratildi. Investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan koʻplab imtiyoz va yengilliklar joriy etildi.

Xorijiy davlatlar va xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari, jahonning yetakchi ishbilarmonlari bilan muzokaralar oʻtkazilib, bitimlari imzolanyapti. Bunday chora-tadbirlar natijasi oʻsish surʼatlarida koʻzga tashlanmoqda. Xususan, oʻtgan yili asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 18 foizdan ziyod oʻsgan. Bugungi kunda yurtimizda chet el investitsiyalari hisobidan qiymati 23 milliard AQSH dollari miqdoridagi 456 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Muhim sifat oʻzgarishi shundaki, ilgari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokida hududiy loyihalar deyarli boʻlmagan boʻlsa, joriy yilda oʻzlashtiriladigan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarning yarmi hududlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Shu bilan birga, innovatsiyalarni joriy etish iqtisodiy oʻsish hamda bozorning raqobatbardoshligini taʼminlashning muhim omiliga aylandi. Bu esa, oʻz navbatida, barcha jabhada innovatsiyalar sohasidagi ilgʻor ilmiy ishlanmalar, texnik yutuqlardan samarali foydalanishni hamda hozirgi iqtisodiy salohiyatning raqobatbardoshligini mustahkamlashni talab etmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, bugun koʻplab davlatlar tomonidan ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga katta miqdorda investitsiyalar yoʻnaltirilmoqda.

Mamlakatimizda ham qisqa muddatda innovatsiyaga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotni shakllantirish, innovatsiyalarni keng joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Yurtimizda innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ tashkil etilgani, uning huzurida Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi shakllantirilgani mazkur yoʻnalishdagi muhim bosqichlardan biri boʻldi. Albatta, barcha sohalarda yangiliklarga intilish hamda raqobat kuchayib borayotgan bugungi davrda samarasiz oʻtmishdan voz kechgan holda, innovatsiyalarga keng yoʻl ochib berish taraqqiyotning eng muhim asosi hisoblanadi.

Aynan bugun davlatimiz rahbari innovatsiyalarni barcha soha va tarmoqqa zudlik bilan tatbiq etishni talab qilayotgani ham bejiz emas. Darhaqiqat, innovatsiyalar mamlakatimizning jahon hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlishi va rivojlangan davlatlar darajasiga erishishida eng asosiy omil hisoblanadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatimizda ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish boʻyicha samarali mexanizm rivojlantirilmoqda. Xususan, Harakatlar strategiyasida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini ragʻbatlantirish, ilmiy hamda innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari, texnoparklarni tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shu bilan birga, viloyatlarda boʻlib oʻtayotgan xalq bilan bevosita muloqotlar paytida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan barcha hududda ilm-fan salohiyatini tiklash, hududlarning kompleks rivojlanishini taʼminlashda mavjud intellektual salohiyatdan samarali foydalanish, yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilmoqda. Masalan, iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishida akademik fanning ahamiyatini yanada oshirish maqsadida Prezidentimizning 2017-yil 17-fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini shakllantirish, faol rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, axborot texnologiyalari mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va buyurtmachilariga qoʻshimcha imtiyozlar, preferensiyalar berish hisobiga ushbu tarmoqda ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirish boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi tashkil etildi.

Umuman olganda, bu kabi ijobiy natijalarni nafaqat iqtisodiyotimiz tarmoqlarida, balki, jamiyatimizning boshqa sohalarida ham kuzatishimiz mumkin. Eng muhimi, ushbu ijobiy oʻzgarishlarni xalqimiz oʻz hayotida, kundan-kunga yuksalib borayotgan turmush darajasi misolida koʻrib, sezib turibdi.

Yana bir eʼtiborli jihat, bugun jamiyatimizda mavjud muammolarga koʻz yumish, uni haspoʻshlash emas, balki aholini qiynaydigan har qanday masalaga ijobiy yechim topishga boʻlgan intilish kuchaydi, qonunlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratining taʼsiri ortib bormoqda. Ayniqsa, mansabdor shaxslarning va davlat organlarining masʼuliyati sezilarli darajada oshgani, “Xalqimiz davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu tamoyil oʻzining amaliy ifodasini topayotgani barchamizni quvontiradi.

Albatta, hali oldimizda qiladigan ishlarimiz bisyor. Qoʻyilgan maqsad esa, bir – mamlakatimizning jahon hamjamiyatida tutgan oʻrnini yanada mustahkamlash, yaqin kelajakda eng rivojlangan davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallash, xalqimizni hayotdan rozi qilishdir. Ushbu mushtarak maqsadlarni amalga oshirish va Mustaqil Oʻzbekistonning yangi tarixini yaratishda esa, shu muqaddas diyorni ona Vatanim deb biluvchi har bir yurtdoshimizdan sidqidildan mehnat qilish, bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etish talab qilinadi.

Jamshid PIRMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?