Jamoatchilik taʼsiri tufayli “fara”larni yoqib yurish boʻyicha talab oʻzgardi

18:15 10 Iyun 2019 Jamiyat
243 0

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9-apreldagi “Yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, barcha transport vositalariga kunduzi yaqinni yorituvchi yoki signal chiroqlarini yoqib yurish boʻyicha talab qoʻyilgan edi.

Mazkur tartib joriy etilganidan soʻng ijtimoiy tarmoqlarda, OAVda yurtdoshlarimiz tomonidan koʻplab eʼtirozli fikrlar bildirildi. Yaʼni mamlakatimiz iqlim sharoiti, xususan, yozning jazirama issiq kunlarida avtomobil chirogʻini yoqib yurish transport vositalarining qizib ketishi va buning oqibatida turli noxush hodisalar sodir boʻlishi mumkinligi bot-bot taʼkidlandi. Bu masala turli doiralarda keng muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ushbu tartib atroflicha oʻrganildi. Tahlillardan kelib chiqib, nihoyat joriy yilning 4-iyunida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat koʻpchilik tomonidan iliq kutib olindi.

Xoʻsh, unda nimalar koʻzda tutilgan?

Birinchidan, 2021-yil 1-yanvarga qadar kunning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi boʻyicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Yaʼni kunduzi chiroqlarni yoqib harakatlanish shartligi toʻgʻrisidagi talab faqatgina avtomatik yonib turuvchi kunduzgi chiroqlari bor mashinalarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ikkinchidan, kunning yorugʻ vaqtida quyidagi hollarda yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerak:

— transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;

— yoʻlovchilarni tashiyotgan avtobus va yoʻnalishli transport vositalarida;

— bolalar guruhini tashkiliy tashishda;

— xavfli, katta oʻlchamli va ogʻir vaznli yuklarni tashishda;

— mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida);

— mototsikl va mopedlarda.

Uchinchidan, “faralar” boʻyicha qatʼiy talab haydovchilarga emas, ishlab chiqaruvchilarga qoʻyiladi. Xususan, 2020-yil 1-yanvardan boshlab, ichki bozor uchun ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga sutkaning yorugʻ vaqtida avtomatik yonadigan chiroqlar oʻrnatish majburiy etib belgilanadi. Import avtomobillarning avtomatik yonadigan shunday chiroqlari boʻlmasa, mamlakat ichkarisiga olib kirilishiga ruxsat berilmaydi.

Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ham tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorini (hozir 101 ming 365 soʻm) kamaytirishga oid tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Kiritilayotgan yangiliklar yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlashga hamda yuz berishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisa va muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Rahim SHERQULOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?