Jamoatchilik palatasi – konstruktiv muloqot markazi

11:12 13 Iyul 2020 Jamiyat
1235 0

Bugun jamiyat hayotidagi eng dolzarb, aholini, ularning muayyan qatlamini oʻylantirayotgan, tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda davlat hokimiyati organlarining samarali faoliyat yuritishi, pirovardida, mamlakatning jadal taraqqiy etishida jamoatchilik nazoratining oʻrni beqiyos.

Prezidentimiz 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida eng muhim tashabbuslardan biri sifatida mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin va mustahkam hamkorlikni oʻrnatish masalasi ilgari surildi.

Konstitutsiyamizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi prinsiplarini amalda toʻla roʻyobga chiqarishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etish tashabbusi ilk bora ilgari surildi va qizgʻin kutib olindi.

Joriy yilning 16-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, unga har tomonlama shart-sharoitlar yaratish, rivojlanishning yangi bosqichiga koʻtarishga xizmat qilishi bilan gʻoyatda ahamiyatlidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasining Prezident huzurida mutlaqo yangi institut sifatida tashkil etilishidan koʻzlangan maqsad ham, fuqaro-jamoat tashkilotlari–davlat birligini mustahkamlash orqali xalqning hokimiyatdan, hokimiyatning xalqdan uzoqlashishining oldini olishga qaratilgan.

Oʻz oʻrnida Jamoatchilik palatasi iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustaqil institut boʻlib, davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi konstruktiv muloqot oʻrnatuvchi tashkilot ekanligini taʼkidlash joiz.

Bugungi kunda rivojlanib borayotgan demokratik mamlakatlarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining mavjudligi reallikka aylangan. Ular ijtimoiy yukni teng taqsimlab, davlat hayotining ortiqcha zoʻriqishlarsiz davom etishiga samarali xizmat qilmoqda.

Taʼkidlash joiz, ayni vaqtda mamlakatimizda 10 000 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari mavjud boʻlsa-da, ularning aksariyati jamiyat hayotida nafaqat oʻz oʻrniga ega emas, balki ovozi ham chiqmaydi, Adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtgani kuyi qogʻozlarda nomi qolgan xolos.

Endilikda, Jamoatchilik palatasi ana shu tashkilotlarning ishini ham nafaqat muvofiqlashtiradi, balki oqsasa, tirgak boʻladi, faoliyatiga koʻmakdosh va maslahatchi boʻladi. Bu institut fuqarolik jamiyatining yaxlit milliy tizimida markaziy boʻgʻinga aylanishiga ishonib turibmiz.

Oʻz navbatida, jamoatchilik nazoratining subyekti sifatida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi uchun ham Jamoatchilik palatasining tashkil etilishi uzoq kutilgan bir voqelik boʻldi.

“Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasida jamoatchilik nazoratining obyektlari sifatida “Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining” faoliyati nazarda tutilgan. Biroq isteʼmolchilarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini taʼminlashga xizmat qiladigan xoʻjalik boshqaruvi organlarining faoliyati obyekt doirasiga kiritilmagan.

Vaholanki, “Uzbekistan Airways”, «Oʻztransgaz», «Oʻzbekenergo» va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatlari va shu kabi xoʻjalik boshqaruvi organlari va ularning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan ham jamoatchilik nazoratining amalga oshirilishi bugungi kunda nafaqat muhim, balki zarurdir.

Shu nuqtayi nazardan, xoʻjalik boshqaruvi organlari va ularning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan ham jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Isteʼmolchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish, ichki bozorda sotilayotgan isteʼmol tovarlarining zarur sifatini va xavfsizligini doimiy monitoring va jamoat nazoratini amalga oshirish birgina tashkilot uchun ogʻirlik qilmoqda.

Aholining isteʼmol madaniyatini oshirishga doir maʼrifiy ishlarni olib borish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratishda davlat boshqaruvi, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, nazorat qiluvchi organlar, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik juda zarur.

Shu maʼnoda yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini taʼminlashgacha boʻlgan oʻzaro hamkorlik uchun platforma nihoyatda katta.

Ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni bajarish boʻyicha ularning faoliyati ham jamoatchilik nazorati obyekti boʻla olinishini nazarda tutib, hozirdanoq Jamoatchilik palatasi bilan juda yaqin va tigʻiz hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni koʻzda tutyapmiz.

Jamoatchilik parlamenti aholini yillar davomida qiynab kelayotgan va yechimini topmayotgan tizimli muammolar yechimlari yuzasidan takliflarni davlat hokimiyati organlari va mutasaddi tashkilotlarga yetkazish uchun qulay axborot maydoni boʻlib xizmat qilishini ham nazardan qochirmaslik kerak.

Bu bir tomondan barcha muammo davlat zimmasida qabilida notoʻgʻri qarash shakllanishining oldini olsa, boshqa tomondan fuqarolik institutlarini davlat hokimiyat organlarining qarorlariga qudratli taʼsir etish imkoniyatini kengaytiradi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida ijro hokimiyati uchun jamoat tashkilotlari jiddiy va teng huquqli, shu bilan birga hurmatla loyiq hamkor sifatida namoyon boʻladi. Natijada davlat va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qonun hujjatlarining toʻliq va mukammal bajarilishi mexanizmi takomillashib, jamoatchilikni yangi tashabbuslar va takliflarga undaydi.

Bularning barchasi oxir-oqibat mamlakat farovonligi, xalqning roziligi, tarixiy islohotlarning ortga qaytmas va muqarrarligi tamoyilini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Jahongir Sarimsoqov,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?