Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida

11:27 13 Aprel 2018 Hujjatlar
875 0

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 15 noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018 yil 29 martda ma’qullangan

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi 

Ushbu Qonunning maqsadi davlat organlari va muassasalari (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari 

Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qonun hujjatlarida kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanishi mumkin.
Referendumlarga, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish, shuningdek mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot, tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, sud ishlarini yuritish, jazolarni ijro etish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

3-modda. Jamoatchilik nazorati sub’ektlari 

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi), fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati sub’ektlaridir. 
Jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.

4-modda. Jamoatchilik nazoratining ob’ekti 

Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining:
qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek rivojlanish davlat, tarmoq va hududiy dasturlarida jamoatchilik manfaatlarini, jamoatchilik fikrini hisobga olishga;
fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini ta’minlashga; 
o‘z zimmasiga yuklatilgan, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxldor bo‘lgan vazifalar va funksiyalarni bajarishga;
davlat xizmatlarini ko‘rsatishga; 
ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni bajarishga doir faoliyati jamoatchilik nazoratining ob’ektidir.

5-modda. Jamoatchilik nazoratining asosiy prinsiplari 

Jamoatchilik nazoratining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etishning ixtiyoriyligi; 
jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ommaviyligi va ochiqligi;
jamoatchilik nazorati sub’ektlarining xolisligi va beg‘arazligi;
jamoatchilik nazorati natijalarining ishonchliligi;
jamoatchilik nazorati sub’ektlarining davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga asossiz aralashuviga va ularga g‘ayriqonuniy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

6-modda. Jamoatchilik nazoratining shakllari

Jamoatchilik nazoratining shakllari quyidagilardan iborat:
davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar;
davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish;
jamoatchilik muhokamasi;
jamoatchilik eshituvi;
jamoatchilik monitoringi;
jamoatchilik ekspertizasi;
jamoatchilik fikrini o‘rganish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish.
Jamoatchilik nazorati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.

7-modda. Davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar

Jamoatchilik nazorati sub’ektlari davlat organlariga arizalar, shikoyatlar va takliflar bilan murojaat qilishga, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularga so‘rovlar yuborishga haqli. 
Jamoatchilik nazorati sub’ektlarining murojaatlari va so‘rovlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Jamoatchilik nazorati sub’ektlarining axborot olishga bo‘lgan huquqi, agar mazkur axborot shaxsga doir ma’lumotlar yoxud davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar jumlasiga kiritilgan bo‘lsa, cheklanishi mumkin.

8-modda. Davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish 

Jamoatchilik nazorati sub’ektlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish huquqiga ega. 
Davlat organlari o‘zining ochiq hay’at majlislarida jamoatchilik nazorati sub’ektlari ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratadi.

9-modda. Jamoatchilik muhokamasi 

Ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar, davlat organlarining boshqa qarorlari loyihalarini ommaviy muhokama qilish jamoatchilik muhokamasidir. 
Jamoatchilik muhokamasini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari o‘tkazishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasi turli ijtimoiy guruhlarning vakillari, shu jumladan muhokama etilayotgan masala o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan yoki daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin. 
Jamoatchilik muhokamasi ommaviy va ochiq o‘tkaziladi. Jamoatchilik muhokamasining ishtirokchilari jamoatchilik muhokamasiga kiritilgan masalalar yuzasidan o‘z fikrini erkin bildirishga va takliflar kiritishga haqli. Jamoatchilik muhokamasi ommaviy axborot vositalari orqali va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ham o‘tkazilishi mumkin. 
Jamoatchilik muhokamasining tashkilotchisi jamoatchilik muhokamasiga kiritilayotgan masalalar, muhokamani o‘tkazish muddati va tartibi to‘g‘risidagi axborotni oldindan e’lon qiladi. Bunda tashkilotchi o‘z ixtiyoridagi, jamoatchilik muhokamasiga kiritilayotgan masalalarga taalluqli bo‘lgan materiallardan jamoatchilik muhokamasining barcha ishtirokchilari erkin foydalanishini ta’minlaydi.

10-modda. Jamoatchilik eshituvi

Davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga taalluqli va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan yoxud fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat manfaatlariga daxldor masalalarni muhokama qilish uchun tashkil etiladigan yig‘ilish jamoatchilik eshituvidir. 
Jamoatchilik eshituvini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari o‘tkazishi mumkin. 
Jamoatchilik eshituvi turli ijtimoiy guruhlarning vakillari, shu jumladan muhokama etilayotgan masala o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan yoki daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin.
Jamoatchilik eshituvi ommaviy va ochiq o‘tkaziladi. Jamoatchilik eshituvining ishtirokchilari jamoatchilik eshituviga kiritilgan masalalar yuzasidan o‘z fikrini erkin bildirishga va takliflar kiritishga haqli. 
Jamoatchilik eshituvining tashkilotchisi jamoatchilik eshituviga kiritilayotgan masalalar, eshituvni o‘tkazish muddati va tartibi to‘g‘risidagi axborotni oldindan e’lon qiladi. Bunda tashkilotchi o‘z ixtiyoridagi, jamoatchilik eshituviga kiritilayotgan masalalarga taalluqli bo‘lgan materiallardan jamoatchilik eshituvining barcha ishtirokchilari erkin foydalanishini ta’minlaydi.

11-modda. Jamoatchilik monitoringi

Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini jamoatchilik manfaatiga daxldor axborotni yig‘ish, umumlashtirish va tahlil etish orqali kuzatish jamoatchilik monitoringidir.
Jamoatchilik monitoringini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoatchilik nazoratining boshqa sub’ektlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda o‘tkazishi mumkin. 
Jamoatchilik monitoringi ommaviy va ochiq o‘tkaziladi. Jamoatchilik monitoringi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ham o‘tkazilishi mumkin. 
Jamoatchilik monitoringining tashkilotchisi jamoatchilik monitoringining ob’ekti, uni o‘tkazish muddati va tartibi to‘g‘risidagi axborotni oldindan e’lon qiladi.

12-modda. Jamoatchilik ekspertizasi 

Jamoatchilik ekspertizasi normativ-huquqiy hujjatlar va davlat organlarining boshqa qarorlari loyihalari fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat manfaatlariga muvofiqligini aniqlash uchun ularni o‘rganish hamda baholashdan iboratdir. 
Jamoatchilik ekspertizasini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda o‘tkazishi mumkin. 
Jamoatchilik ekspertizasining tashkilotchisi tegishli sohada zarur bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni jamoatchilik asosida jalb etishi ham mumkin.

13-modda. Jamoatchilik fikrini o‘rganish 

Jamoatchilik fikrini o‘rganish turli ijtimoiy guruhlarning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘g‘risidagi, davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlari talablariga rioya etishiga, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini ta’minlashga doir faoliyati to‘g‘risidagi fikrini baholash maqsadida axborotni yig‘ish, umumlashtirish hamda tahlil etishdan iboratdir. 
Jamoatchilik fikrini o‘rganishni nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazishi mumkin.

14-modda. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish

Fuqarolar yig‘ini:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining fuqarolar yig‘inlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini;
ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining, joylardagi ta’lim muassasalari rahbarlarining hisobotlarini;
tegishincha oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining axborotini;
tegishli hududda joylashgan tashkilotlar rahbarlarining 
atrof-muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, uni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish masalalariga doir hisobotlarini eshitadi.

15-modda. Jamoatchilik nazorati sub’ektlarining huquq va majburiyatlari 

Jamoatchilik nazorati sub’ektlari:
jamoatchilik nazoratini amalga oshirayotganda tadbirlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga, ularni tashkil etishga, shuningdek ularda ishtirok etishga;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotni qonun hujjatlariga muvofiq davlat organlaridan so‘rab olishga;
jamoatchilik nazorati natijalariga ko‘ra takliflar va tavsiyalar tayyorlashga hamda ularni tegishli davlat organlariga ko‘rib chiqish uchun yuborishga;
fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, jamiyat manfaatlari buzilganligi faktlari aniqlangan taqdirda, materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborishga;
davlat organlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishga;
jamoatchilik nazorati natijalarini e’lon qilishga haqlidir.
Jamoatchilik nazorati sub’ektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Jamoatchilik nazorati sub’ektlari:
jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
qonunda belgilangan, davlat organlarining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarga rioya etishi;
davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;
davlat organlarining faoliyat ko‘rsatishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining faoliyati uchun to‘siqlar yaratmasligi;
fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirish chog‘ida olingan axborotning tarqatilishi qonun bilan cheklangan bo‘lsa, uning maxfiyligiga rioya etishi shart.
Jamoatchilik nazorati sub’ektlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

16-modda. Davlat organlarining jamoatchilik nazorati sohasidagi huquq va majburiyatlari

Davlat organlari:
jamoatchilik nazorati sub’ektlaridan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish to‘g‘risida va uning natijalari haqida axborot olishga;
jamoatchilik nazorati natijalariga ko‘ra tayyorlangan yakuniy hujjatlarda ko‘rsatilgan takliflar va tavsiyalarga nisbatan asoslantirilgan e’tirozlarini jamoatchilik nazorati sub’ektlariga yuborishga;
o‘zi amalga oshirayotgan faoliyat ustidan jamoatchilik nazorati masalalariga doir axborotni o‘z rasmiy veb-saytlarida, shuningdek ommaviy axborot vositalarida joylashtirishga;
jamoatchilik nazoratini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Davlat organlari:
jamoatchilik nazorati sub’ektlariga jamoatchilik manfaatiga daxldor bo‘lgan o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda taqdim etishi;
o‘ziga jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan yuborilgan murojaatlar va so‘rovlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqishi, murojaatlarga va so‘ralayotgan axborotga javoblar taqdim etishi, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar yoxud topshirilishi jamoat tartibiga va fuqarolarning hayotiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar mustasno;
jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan yuborilgan takliflar va tavsiyalarni, shuningdek yakuniy hujjatlar va materiallarni ko‘rib chiqishi shart.
Davlat organlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

17-modda. Jamoatchilik nazoratining natijalari 

Jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra bayonnoma, xulosa, ma’lumotnoma shaklida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shaklda yakuniy hujjat tayyorlanishi mumkin. 
Yakuniy hujjat axborot va tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi. 
Yakuniy hujjatda bayon etilgan axborot, tavsiya va takliflar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi hamda ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinadi.

18-modda. Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

19-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

20-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

21-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi 

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2018 yil 12 aprel
№ O‘RQ—474


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?