Jamoatchilik nazorati — biz uni qanday oʻzlashtiramiz?

17:47 24 Avgust 2020 Siyosat
234 0

Yangi Oʻzbekiston haqidagi tasavvurlarimiz kundan-kunga teranlashib, yorqinlashib boryapti. Har bir soha xodimi, har bir fuqaro oʻz sohasi va hayotida boʻlayotgan oʻzgarishlarni seza boshladi. Aslida yangi Oʻzbekiston gʻoyasining mohiyati oddiy — inson oʻzini-oʻzi, jamiyatni esa uning aʼzolari boshqarishi kerak. Boshqarish esa jamiyatning ogʻir-yengili, uvol-savobini zimmaga olish degani. Davlatimiz rahbarining “Endi islohotlar tashabbuskori davlat emas, jamiyat boʻladi, rahbarlar faoliyatiga xalq baho beradi” deganda ana shu shiorni nazarda tutgan.

Jamiyatni boshqarish davr talabi boʻlib, unga shakllanadigan jarayon, yaʼni buning uchun muayyan ijtimoiy tartib yuzaga kelishi zarur. Ijtimoiy tartib oʻrnatishning ijtimoiy regulyatorlari bor: biri – huquq, ikkinchisi — axloq. Odamlar oʻrtasidagi munosabatlar ana shu ikki omilga rioya etish bilan belgilanadi.

Ijtimoiy tartib insoniyat uchun qanchalik muhim boʻlmasin, uni taʼminlash muammo boʻlib qolmoqda. Shuning uchun barcha vaqtlarda donishmandlar “Qanday qilsak jamiyatda tartib boʻladi?” degan savolning javobini topishga harakat qilishgan. Yunon faylasufi Platon oʻzining “Davlat” asarida ushbu savolning javobini qidirib, jamiyatda tartib boʻlishi uchun jamiyatni intellektual elita boshqarishi kerak, degan. Aristotel esa “Siyosat” asarida “Jamiyatda tartib boʻlishi uchun unda oʻrta sinf kuchli boʻlishi kerak”, deb yozadi. Sharq donishmandlari ushbu savol javobini maʼnaviy yuksaklikda koʻrishgan. Konfutsiy taʼlimotida ham, Abu Nasr Forobiy asarlarida ham ijtimoiy tartibning oʻrnatilishi maʼnaviy yuksaklik bilan bogʻliqlikda koʻrilgan. Insoniyatning ijtimoiy tartibni oʻrnatish borasidagi harakatlariga qaramasdan ushbu muammo hali-hanuz oʻz yechimini topa olgani yoʻq.

Buning sababi, bizning nazarimizda, nazorat faoliyatining samarasizligi bilan bogʻliq boʻlmoqda. Nazorat tizimi huquq va axloq meʼyorlari buzilganda jazoning muqarrarligini taʼminlashga qodir emasligida. Buning sababi esa huquq va axloq meʼyorlarini buzgan odamda pora berib jazodan qutulib qolish, nazoratni amalga oshirayotgan subyektlarga esa pora berish imkoniyatining borligi. Demak, ijtimoiy tartibning barqarorligini taʼminlashda asosiy toʻsiq poraxoʻrlik, yaʼni korrupsiya illati boʻlmoqda. Buning sababi, nazorat tizimida quyidan amalga oshiriladigan jamiyat nazoratining zaifligida, zaiflik boisi esa jamiyatda nazorat faoliyatiga doir bilim yetarli emasligida.

Ana shu jihatdan olganda Samarqand davlat universitetida ijtimoiy nazorat fanidan darslik yaratilganini va qariyb oʻn yildan buyon oliygohda bu fandan taʼlim berilayotganini maʼqul ish deb, professor F. Nabiyevning bu mavzudagi maʼruzalari jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olindi.

Nazorat tizimi korrupsiyani toʻxtatishga qodir emasligining sabablaridan yana biri - jamiyatdagi befarqlik kayfiyati hisoblanadi. Darslikda nazorat faoliyatini samarali boʻlishiga xizmat qiladigan befarqlikni jilovlab daxldorlik hissini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Darslik nazorat tizimini samarali qilishga toʻsiq boʻlgan har ikkala sababni, yaʼni nazorat faoliyatiga doir bilimning yetarli emasligini va befarqlik kayfiyatini jilovlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Uzoq yillar davomida ijtimoiy tartibning oʻrnatilishi davlat nazoratiga bogʻliq deb hisoblab kelindi. Lekin tarix shundan guvohlik bermoqdaki faqat davlat nazorati bilan ijtimoiy tartibni oʻrnatib boʻlmaydi. Buni shoʻrolar mamlakati rahbariyati ham anglab, jamiyat nazoratini tashkil qilish uchun 1979-yilda “Xalq nazorati toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilgan edi. Lekin bu qonun asosida tashkil topgan Xalq nazorati komitetlari jamiyat nazoratini tashkil qila olmadilar. Chunki har qanday faoliyatni amalga oshirish uchun oʻsha faoliyatga doir bilim kerak boʻladi. Shoʻrolar zamonida esa xalqda nazoratga doir bilim yetarli emas, chunki bunday bilimni beradigan fanlar oʻqitilmas edi. Bugungi kunda ham jamiyatga nazorat faoliyatiga doir bilimni toʻla tarzda beradigan fan oʻqitilmaydi. Bunday bilimni ijtimoiy nazorat fani bera oladi.

Ijtimoiy tartibni oʻrnatilishida nazorat faoliyatiga doir bilim bilan birgalikda befarqlik kayfiyati jilovlanib, daxldorlik hissining shakllanganligi ham talab qilinadi. Nazoratga doir bilim qanchalik muhim boʻlmasin, befarqlik kayfiyati boʻlgan holda nazorat faoliyati samarali ishlamaydi. Chunki befarq odamning miyasidagi nazorat faoliyatiga doir bilim amaliyotga tatbiq qilinmay qolib ketadi. Befarqlikni jilovlab, daxldorlik hissini shakllantirish kishi maʼnaviyatini yuksaltirish bilan bogʻliq jarayondir. Darslikning ahamiyati shundaki, unda maʼnaviyatni yuksaltirishga xizmat qiladigan yoʻnalishlar, gʻoyalar ham mujassamlashgan.

Ijtimoiy nazorat fani beradigan bilimlarni jamiyatga keng targʻib qilish bugungi kunning dolzarb vazifasi. Chunki u beradigan ijtimoiy tartibdan davlat va jamiyat bir xil manfaatdordir. Ushbu qoʻllanmani amaliyotga tatbiq etish mamlakatimizda adolatli ijtimoiy tartibni oʻrnatishga qodir boʻlgan nazorat tizimini shakllantirishda oʻzini munosib oʻrniga ega boʻlishiga ishonaman. Shuning barobarida Oliy taʼlim vazirligi va OTM rahbarlariga ushbu yangi fanni barcha oliygohlarda joriy etishni taklif etaman. Zero, davlatimiz rahbari aytganidek, “Kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishda jamoatchilik nazoratini tizimli yoʻlga qoʻyish eng maqbul yoʻldir. Bu – jahon tajribasida sinovdan oʻtgan yoʻl.

Oʻzbekiston xalqiga murojaat qilib aytmoqchiman: demokratik islohotlar yoʻli – biz uchun yakkayu yagona va eng toʻgʻri yoʻldir”.

Farmon TOSHEV,
Oliy Majlis senati aʼzosi.
OʻzA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?