Jamoatchilik maʼqul desa — maʼqul, nomaʼqul desa — nomaʼqul boʻladi

17:55 13 Iyul 2020 Siyosat
425 0

Jamoatchilik nazorati instituti faoliyatini bugungi tezkor zamon talablari darajasida tashkil etish boʻyicha hali amalga oshirilishi lozim boʻlgan muammoli masalalar borligidan koʻz yumib boʻlmaydi, albatta. Xususan, mamlakatimizda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish subyektlari boʻlgan nodavlat tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish lozimligini ochiq eʼtirof etish joiz.

I. “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori”. Bu qanday gʻoya?

Bu gʻoya Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilganidan xabaringiz bor.

Qachonki, jamiyat amalga oshirilayotgan islohotlar tashabbuskori boʻlsa, aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki koʻlami kengayadi, fuqarolar, jamiyat va davlatning oʻzaro yaqin hamkorligi oʻrnatiladi, shuningdek davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish imkoniyatlari yaratiladi.

Prezidentimiz tashabbusining amaldagi inʼikosi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Jamoatchilik palatasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalari tashkil etilishini keltirishimiz mumkin.

II. Jamoatchilik palatasi nima bilan shugʻullanadi?

Jamoatchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri bu - aholi fikrini tizimli oʻrganib borish, joylarda va sohalarda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ularning yechimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalariga va Hukumatga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritib borish etib belgilangan. Shuningdek, fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning soʻz erkinligi, fuqarolarning axborot olish va tarqatish huquqini amalga oshirish, axborot erkinligi kafolatlarini taʼminlash boʻyicha muhokamalarga jalb etish hamda mazkur masalalarga oid amaliy takliflar ishlab chiqish ham mazkur Jamoatchilik palatasining faoliyat yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

III. Jamoatchilik palatasining tashkiliy tuzilmasi qanday?

Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar aʼzodan iborat boʻlib, uning 18 nafar aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi, yana 18 nafar aʼzosi respublika miqyosida faoliyat koʻrsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari taqdim etgan nomzodlar orasidan tanlov asosida Jamoatchilik palatasi qaroriga asosan aʼzo etib qabul qilinadi, 14 nafar aʼzosi esa hududiy jamoatchilik palatalari vakillari boʻlib, ular lavozimi boʻyicha hududiy jamoatchilik palatalari raislari hisoblanadilar.

Hududiy jamoatchilik palatasi tarkibi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar aʼzodan iborat boʻladi. Ular jamoatchilik forumlarida tavsiya etilgan hududlarda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi.

IV. Jamoatchilik palatasi faqat jamoatchilik asosida ishlaydimi yoki uning ijro organi bormi?

Jamoatchilik palatasining ijro organi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Apparati hisoblanadi. Apparat shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi tugatilayotgan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi hisobidan, hududiy boʻlinmalar shtat birliklari esa mazkur Markazning hududiy boʻlinmalari shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.

V. Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolarining vakolat muddati qancha?

Ularning vakolat muddati Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalarining birinchi umumiy yigʻilishlari oʻtkazilgan kundan boshlab, 3 yil etib belgilanadi.

Eng muhimi...

Murojaatnomada jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish majburiyligini aniq belgilash, jamoatchilik maʼqul desa – maʼqul, nomaʼqul desa – nomaʼqul boʻlishi kerakligi aytib oʻtilgandi.

Shu nuqtayi nazardan bu ishlarni amalga oshirishda jamoatchilik uchun minbar vazifasini oʻtaydigan Jamoatchilik palatasining huquqiy maqomini yana-da mustahkamlovchi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Zafar Xudayberdiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,

OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?