Jamoat transportlarida qoʻlqop taqishni targʻib qilish — mantiqsizlik — B.Bekmurodov

16:22 20 Oktyabr 2020 Jamiyat
361 0

Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov toʻxtalib oʻtdi:

— Transport vazirligi tomonidan joriy etilgan Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, marshrutka) xizmatidan foydalanganda yoʻlovchilarning tibbiy qoʻlqopda boʻlish tartibi jamoatchilik orasida bahslarga sabab boʻlmoqda.

Bizda ham ushbu qarorning mantiqiyligi va huquqiyligi yuzasidan ikkita asosiy shubha bor:

Birinchidan, jamoat transportida qoʻlqop taqilishi haqida Maxsus komissiya qarori yoki biror yuridik hujjat yoʻq. Transport vazirligining bunday qaror qabul qilishga vakolati bormi? Agar shunday hujjat boʻlsa, uni eʼlon qilish kerak.

Ikkinchidan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirus infeksiyasidan saqlanishda qoʻlqop taqib yurishni samarasiz, deb topgan. Jumladan JSST saytida COVID-19 boʻyicha savol-javoblar bilan birga, maʼlum bir tavsiyalar ham berib boriladi. Aynan qoʻlqop taqish borasida quyidagi tavsiya mavjud:

Qoʻlqop taqish samarali emas. Qoʻlqoplarda virus toʻplanadi va inson agarda qoʻlqop taqilgan qoʻl bilan yuzga tekkizilsa, koʻz yoki ogʻiz orqali virus yuqishi mumkin. Qoʻllarni muntazam yuvish yoki spirt vositasida artib turish samaraliroq.

Qoʻlqoplar tekinga tarqatilgani bilan, ularni xarid qilish xarajatlari oxir-oqibat soliq toʻlovchilarning hisobidan amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, Transport vazirligi ushbu tartibni bekor qilishi va buning oʻrniga, fuqarolar bilan maslahatlashib, boshqa (qoʻlni dezinfeksiya qilish uchun dispenserlarni oʻrnatish kabi) himoya usullarini taklif qilishi kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?