Jaloliddin Manguberdining jasorati yoshlarga ibrat

17:49 08 Yanvar 2019 Jamiyat
464 0

Arxiv foto

Jizzax viloyatidagi Gandumtosh qishlogʻida “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni!” shiori ostida festival tashkil etildi. 10 mingga yaqin yoshlar qatnashgan tadbir doirasida Jaloliddin Manguberdining Chingizxonga qarshi oʻtkazgan janglaridan parchalar sahnalashtirildi.

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, Jizzax viloyati hokimligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorligida uyushtirilgan festivalda ajdodlarimizning mardonavor kurashi moziyga sayohat ruhida koʻrgazmali tarzda ochib berildi.

Zamonaviy harbiy texnika, qurol-aslahalar namoyishi, harbiy orkestr va badiiy havaskorlik guruhlarining konsert dasturi, “Temuriylar izdoshi” maktab tarbiyalanuvchilari, harbiy xizmatchilar, kinologiya va kavaleriya qoʻshinlarining koʻrgazmali chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.

Festival davomida milliy sport oʻyinlaridan biri — koʻpkari tashkil etildi. Faol qatnashgan chavandozlar munosib ragʻbatlantirildi.

Tolibjon ERGASHЕV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?