“Jaloliddin Manguberdi” serialida bosh rollarni turkiyalik aktyorlar ijro etadi

07:49 11 Mart 2020 Madaniyat
2807 0

Jaloliddin Manguberdi seriali 26 qismdan iborat boʻlishi haqida xabar bergandik. Serial hujjatli film emas, balki badiiy film tarzida ishlanadi. Film Turkiyada ishlanadi.
Shu boʻyicha oʻtkazilgan uchrashuvda ushbu serialda bosh rollar turkiyalik aktyorlar tomonidan ijro etilishi, oʻzbekistonlik aktyorlar esa qoʻshimcha epizodlarda koʻrinish berishi maʼlum qilindi.

Bunda holatga serial bosh maslahatchisi Boboxon Muhammad Sharif izoh berdi. Uning taʼkidlashicha, oʻzbek aktyorlari orasida isteʼdodlilari bor boʻlsa-da, ammo hali kino sohamiz bunga tayyor emas, qolaversa, baʼzi sahna koʻrinishlariga ishlov berishda yetarli tajribaga ega emas.

“Avvalo, nima uchun bu film kerak boʻlib qoldi, degan savolga javob berish zarur, — dedi u. — Jaloliddin Manguberdi kim edi? Buni film qilishdan xalqqa nima beramiz?

Bu inson – butun jahonga mashhur shaxs. U vatanparvar. Chingizxon hukmdor boʻlish uchun kurashgan boʻlsa, Jaloliddin vatanini himoya qilish uchun kurashgan.

130-yil davomida bosqinchilar zulmi ostida yashaganmiz. Milliy gʻururimiz toptalgan. Bu film orqali biz oʻsha vatanparvarlik ruhini qaytarmoqchimiz“.

Tadbirda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etdi.

“Albatta, bu ishning ham oʻziga yarasha masʼuliyati bor, — dedi u jurnalistlarning savollariga javob berar ekan. — Asosiy maqsad –nafaqat xalqimiz ongida, balki jahon hamjamiyatiga Sulton Jaloliddin Manguberdi qiyofasini namoyish etish.

Tashkiliy masalalar allaqachon hal boʻlgan. Lekin bir masala bizlarni oʻylantirmoqda. Koʻpgina olim va adabiyotshunoslar bilan maslahatlashib koʻrdim. Ularning koʻpchiligi faqatgina shaklga eʼtibor qaratish uchun harakat qilishayotgandek, nazarimda. Maqsad bu emas. Nega deganda, biz bugun sahnalashtirmoqchi boʻlgan ushbu film XIII asr kishisi uchun yaratilmaydi. U bugungi tomoshabin qarashiga mos boʻlishi zarur.

Koʻplar ssenariyni koʻrmasdan, oldimizga qanday maqsadni qoʻyganimizni bilmasdan turib, har xil igʻvo gaplarni qilib yuribdi. Bizni hech kim chetdan turib tanqid qilmaydi, qilolmaydi ham. Oʻzimizni oʻzimiz yemiramiz, bu esa yomon. Bir-birimizga koʻmak boʻlishimiz lozim”.

Yulduz OʻRMONOVA(“Xalq soʻzi“)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?