“Jayron” pitomnigi muammolarini “Doʻstlar klubi” hal eta oladimi?

09:29 17 Fevral 2020 Jamiyat
276 0

Avvalo, nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyodagi noyob ekologik maskanlardan biri sanalgan “Jayron” pitomnigiga oid bir necha dalil.Kamyob va yoʻqolib borayotgan hayvonlarning tabiatdagi sonini qayta tiklash, koʻpaytirish va biologiyasini oʻrganish asosiy vazifalaridan biri boʻlgan bu qoʻriqxona 1977-yilda tashkil topgan.Umumiy yer maydoni 16522 gektar. Maydon shartli tarzda ikkiga boʻlingan.5145 gektardan iborat dastlabki hudud atrofi balandligi ikki metr boʻlgan sim toʻr bilan oʻrab olingan.

- Ushbu hududda koʻpaytirilayotgan noyob tur hayvonlarning asosiy qismi saqlanadi, — deydi pitomnik kichik ilmiy xodimi Poʻlot Toshev. — Ular soni malum miqdorga yetganidan soʻng bir qismi pitomnikning yer maydoni 11377 gektarni tashkil qiladigan atrofi oʻrab olinmagan ikkinchi hududiga qoʻyib yuboriladi.

QoʻriqxonadaQizilqum choʻlining tabiati, oʻsimlik va hayvonot dunyosi kaftdek namoyon.Masalan, pitomnik hududida oʻsimliklarning 250 dan ortiq turi yil davomida mavsumga bogʻliq holda oʻsadi. Bu yerda hayvonlardan sut emizuvchilarning 32 turi, qushlarning250 dan ortiq turi, sudralib yuruvchilarning 18 turi, suvda hamda quruqlikda yashovchilarning 2 turi, baliqning 8 turi hamda umurtqasizlarning 700 dan ortiq turi uchrashi aniqlangan.

Qoʻriqxonada har yilning oktyabrida hisob – kitob oʻtqaziladi.Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, 155 bosh turkman quloni, 24 bosh prjeval oti, 48 bosh Buxoro togʻ qoʻyi, 3 bosh Buxoro bugʻusi bor.Jayronlarni aytmaysizmi?Tabiatning nozik xilqati sanalgan bu jonivorlar 953 boshni tashkil etyapti. Ular maskan hududida emin – erkin yurishibdi, koʻpayishmoqda.

-Buni qarangki, tabiatan hurkak shu jonivorlar ham inson mehrini his etishadi,- deydi pitomnik direktori Shavkat Boltayev.- Xususan, qish – qirovli, izgʻirinli kunlarda bu yaqqol seziladi.Chunki shu paytda tabiiy ozuqa zaxirasi kamayadi.Jayronlarning qoʻshimcha ozuqaga ehtiyoji ortadi.

Uzoqqa bormaylik, 2018-yilda iqlim quruq va issiq kelgandi.Oqibatda yaylovlar “kambagʻallashdi”, oʻsimlik dunyosiga ziyon yetdi.Oradan salkam ikki yil oʻtayaptiki, buning taʼsiri haligacha sezilmoqda.Noyob hayvonlar soni koʻpaygan sayin bu dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Shavkat akaning bu haqda soʻz ochishi bejiz emas.Oziqlantirish ratsioniga koʻra, jayron, Buxoro togʻ qoʻyi, burama shoxli echkilarning har boshiga kuniga oʻrtacha 1,5 kilogrammdan, Prjevalskiy otiga oʻrtacha 5 kilodan, qulonlarga 3 kilodan arpa doni talab qilinadi.

Jonivorlarni ochlikdan saqlash, qishlovdan omon olib chiqish uchun pitomnik rahbariyati “Doʻstlar klubi”ni ochdi. Bu klub aʼzolari qatorida Kogon va Qorovulbozor hokimligi, prokuraturani koʻrish mumkin.

-Ayniqsa, klub aʼzosi sanalgan “KNAUF” kompaniyasi bilan hamkorlik samarali boʻlyapti, — deydi Sh. Boltayev.-Kompaniya pitomnikdagi hayvonlar ozuqa bazasini mustahkamlash va ekologik turizmni rivojlantirish uchun bizga homiylik mablagʻlari ajratyapti. Biz klubimizning ana shunday tabiatsevar, serhimmat aʼzolari koʻpayishidan umidvormiz.

Ozuqa masalasi qoʻriqxonadagi yagona muammo emas.Bu yerda 8 gektar maydonda bedapoya barpo qilingan.Ozuqa yetishtirishni yana-da koʻpaytirish imkoniyatlari bor.Ammo Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tasarrufida boʻlgan pitomnikdagi texnikalar allaqachon eskirgan.Axir, bundan 43 yil muqaddam olingan traktorlar bilan yerni shudgorlash yoki shunga oʻxshash boshqa yumushlarni bajarishning oʻzi boʻladimi?Qolaversa, qoʻriqxonada ishlovchilarning xizmat vazifalarini shu kun talablari darajasida tashkil etish, ekoturizmni rivojlantirish kabi yumushlarni ham texnikasiz tasavvur etish qiyin.

Mutasaddi tashkilotlar shu kabi masalalar yechimida “Jayron”ga yordam qoʻlini choʻzishsa, ayni muddao boʻlardi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?