“Jayron” pitomnigi yiliga 20 ming sayyohni qabul qilish salohiyatiga ega boʻladi

18:14 23 Iyun 2020 Welcome to uzbekistan
312 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh “Jayron” qoʻriqxonasidagi imkoniyatlar bilan tanishganidan keyin yuqoridagi raqam tilga olindi.
 

— Faoliyatimiz Markaziy Osiyo flora va faunasida endemik hisoblanadigan antilopasimonlar turkumiga mansub jayron turini koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan, — deydi Buxorodagi mazkur qoʻriqxona masʼul xodimi P. Toshev. — U 1977-yilda tashkil etilgan boʻlib,vazifalari noyob va yoʻqolib borayotgan hayvon turlarining tabiatdagi sonini qayta tiklash uchun koʻpaytirish va biologiyasini oʻrganish, Janubi-gʻarbiy Qizilqum choʻlining oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish; tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik maʼrifat, ekologik turizmni rivojlantirishdan iborat.

Mazkur yumushlarning barchasiga, jumladan ekoturizmni ravnaq toptirishga ustuvor vazifa sifatida qaralyapti. Buni qoʻriqxonada xalqaro standartlarga mos zamonaviy tashrif markazi, muzey barpo etilayotganidan ham anglash mumkin. Bundan tashqari, qoʻriqxona brendi ostida maxsus doʻkon, kafe quriladi. Tashrif buyuradigan sayyohlarga xizmat koʻrsatadigan avtomobil, kvadrotsikllar, live-kameralar keltiriladi. Suratga olishni xush koʻradigan sayyohlar uchun fotoqopqonlar ijarasi yoʻlga qoʻyiladi. Kuzatuv minorasi quriladi. Qoʻriqxonaning ichki turizmni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlaridan kelib chiqib, maxsus dastur tayyorlanmoqda. Tez orada bu yerga maktab oʻquvchilari, oliy taʼlim muassasalari talabalarining kelishlari anʼanaga aylanadi. Amalga oshiriladigan keng qamrovli ishlar natijasida “Jayron” yiliga 20 ming nafar sayyohni qabul qilish salohiyatiga ega boʻladi.
 

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, pitomnikda sayohatchilar Qizilqum choʻlining tabiati, oʻsimlik va hayvonot dunyosi bilan bevosita tanishishadi. Bu yerda oʻsimliklarning 250 dan ortiq turi yil davomida hayotiy shakli va yil mavsumiga bogʻliq holda oʻsadi. Hayvonlardan sut emizuvchilarning 32, qushlarning yil davomida 250 dan ortiq, sudralib yuruvchilarning 18, suvda hamda quruqlikda yashovchilarning 2, baliqlarning 8 hamda umurtqasizlarning 700 dan ortiq turi uchrashi aniqlangan.

Pitomnik tashkil etilganidan buyon har yil oktyabr oyining birinchi dam olish kunlarida hududdagi hayvonlarni umumiy hisobga olish tadbiri oʻtkazib kelinmoqda. 2019-yilgi natijalarga koʻra, 953 bosh jayron, 155 bosh turkman quloni, 24 bosh Prjevalskiy oti, 48 bosh buxoro togʻ qoʻyi, 3 bosh buxoro bugʻusi hisobga olingan.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?