Jahonning yopqin dupdonasi

17:52 18 Oktyabr 2018 Madaniyat
1434 0
Samarqand, Registon maydoni. Arxiv surati

Ushbu shahar 1996 yilda “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan. Ana shu unutilmas sana koʻhna va navqiron kent aholisi bayramlari taqvimidan alohida oʻrin olgan.

Mazkur muhim voqea arafasida “Samarqand haqida soʻz — 2018” nomi ostida Xalqaro maktublar kuni oʻtkazilyapti. Loyiha shiori esa shunday: “Samarqand — oʻy-xayollarimizdan joy olgan, orzu qilinadigan va taʼriflanadigan shahar”. Amir Temur nomi bilan yuritiluvchi markazdagi “Esperanto” xalqaro doʻstlik toʻgaragi faollari ushbu yirik pochta aksiyasining tashabbuskori va tashkilotchilaridir.

Dunyoda kamdan-kam shahar oʻz ohanrabosi, betakror tarixiy merosi va zamonaviy hamda yorqin shaharsozlik landshaftiga ega noyob madaniy boyliklari bilan maqtana oladi. “Samarqandiyona” qomusiy loyihasi manziliga sayyoramizning turli burchaklaridan kelayotgan xatlar va telegrammalar ham ana shu eʼtirof naqadar toʻgʻri ekanligini tasdiqlaydi. Mana ulardan biri: Mening qadrdon, sevimli Samarqandim! Bizni minglab kilometrlik masofa ajratib tursa-da, meni serquyosh koʻchalaring va maydonlaring bagʻriga ol! Allaqachon sehrli tandirda yopilgan Samarqand nonlari iforini his etmoqdaman. Afsonaviy Registondagi minora ulugʻvorliklarini tomosha qilish uchun boshimni ortga tashlayapman. Bu maydonda boʻlish va shaharning yurak urishlarini eshitish, uning havosidan nafas olish, odamlariga tabassum qilish — bu baxtdir, — deb yozadi shoira, Moskva yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Irina Alekseyeva.

Barselonalik pedagog Mariya Karmen Gutyerres esa maktub bilan birgalikda fransuz yozuvchisi, yaqinda “Samarqand shahrining faxriy fuqarosi” unvoni topshirilgan Amin Maaluf qalamiga mansub “Samarcanda” asarining ispan tilida chop etilgan nusxasini yuboribdi.

“Samarqand haqida soʻz — 2018” nomi ostidagi Xalqaro maktublar kuni davom etmoqda. Odatdagidek yangidan-yangi nomalar kelayotir. Va qadimgi shahar butun dunyo koʻz oʻngida yanada purviqorlik kasb etmoqda. Bu uni kurrai zamindagi har bir insonga yanada yaqinlashtiryapti, buyuk tarixi, dorilamon buguni va yorqin kelajagi haqida butun olamga teran mujdalar yetkazyapti.

Anatoliy IONЕSOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?