Jahongir Otajonov litsenziyasi muddati tugagan. "Oʻzbekkonsert” voqea boʻyicha bayonot berdi

15:51 30 May 2019 Madaniyat
1563 0

2019-yil 29-30-may kunlarida xonanda Jahongir Otajonov oʻzining instagramm sahifasida “Oʻzbekkonsert” DM tomonidan litsenziyasi borasida muammo boʻlayotganini iddao qilib, asossiz ravishda bir tomonlama murojaat qoldirmoqda.

Tashkilotning “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilishicha, bu borada “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-dekabrdagi 354-son Qaroriga asosan Atajanov Jahongir Saparbayevich nomiga berilgan litsenziya amal qilish muddati 2019-yilning 28-may kuni tugaganligi bois, reytingning 2-guruhi boʻyicha davlat byudjetiga yillik 19 867 540 soʻm miqdoridagi davlat boji toʻlovlarini hamda xonandaning ijodiy guruh aʼzolariga yaʼni sozandalariga (jami 7 nafar) litsenziyalari uchun har biriga alohida yillik 8 109 200 soʻmdan jami 76 631 940 soʻm miqdoridagi toʻlovlarni (ushbu toʻlov summasi sozandalar sonidan kelib chiqib oʻzgarishi mumkin) 3 kun muddat ichida toʻlashi kerakligini maʼlum qilgan.

Shundan soʻng uning faoliyati yana qonuniy ravishda davom etaveradi, aks holda uning konsert dasturlari bekor qilinadi. “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi hamda rahbariyatining xonandaga nisbatan hech qanday eʼtirozi yoʻq va bu masala u bilan tarqalgan bahsli munozaralarga ham aloqador emas!

Xonandalar Jahongir Otajonov va Abdulla Qurbonovlar borasida yuzaga kelgan vaziyat xonanda Abdulla Qurbonovning safardan qaytishi bilan belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Bundan tashqari “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi xonanda Jahongir Otajonovga muborak Roʻzai Ramazon oyida ijtimoiy tarmoqlarda nojoʻya xatti-harakatlar bilan sanʼatkorlar oʻrtasida nizo keltirib chiqarishga sabab boʻluvchi masxaromuz videolarni tarqatmasligini soʻraydi.

Shu oʻrinda “Oʻzbekkonsert” DM barcha xonandalarni ham Muassasa bilan ochiq muloqot qilmay turib, ijtimoiy tarmoqlarda turli nooʻrin, nojoʻya va asossiz gap-soʻzlarni tarqatmasliklari toʻgʻrisida ogohlantiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?