Jahongir Ortiqxo‘jayev: Toshkentda davlat yerlarini berishda korrupsiya holatlari butunlay yo‘qotiladi va ochiqlikni ta’minlanadi

11:39 13 Iyun 2018 Jamiyat
4521 0

Toshkent shahar hokimligi va uning huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan tadbirkorlarning “Top-500” uyushmasi yaratiladi.

Uyushma joriy yil 18 iyun kuni Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tadigan biznes-forum yakunlari bo‘yicha shakllantiriladi. Mazkur tadbirda mahalliy hokimiyat va biznes vakillaridan tashqari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan elchixonalarning savdo bo‘yicha maslahatchilari ham ishtirok etadi, deyiladi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Forum investorlar va shahar hokimligi o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda dastlabki qadamga aylanishi kerak. Binobarin, rahbariyat mavjud muammolar haqida ochiq va muntazam gapirib, birgalikda ularga optimal yechim topmoqchi.

Anjumanda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev shaharning dastlabki SWOT-tahlilini taqdim etadi, katta investitsiya salohiyatiga ega tumanlarni aniqlaydi.

Jamoatchilik kengashi raisi Hikmat Abdurahmonov esa mazkur organ konsepsiyasi bilan tanishtiradi.

Xabar berilishicha, Toshkentda davlat yerlarini berish bo‘yicha ochiq tizim yaratiladi. Yerlarni hokimlik sayti orqali olish mumkin. Hozirgi kunda bu borada maxsus platforma ishlab chiqilyapti. U yoki bu loyihaga maydon ajratish bo‘yicha qaror shahar aholisi ishtirokida qabul qilinadi.

Hokimning aytishicha, bunday mexanizmdan ko‘zlangan asosiy maqsad mazkur jarayonlarda korrupsiya holatlarini butunlay yo‘qotish va ochiqlikni ta’minlashdir.

O‘z navbatida, mahalliy va xorij biznes loyihalariga baho beruvchi ekspertlar kengashi ham tuziladi. Ushbu kengash ishida barcha xohlovchilar ishtirok etishi mumkin.

Kecha Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar gerbi va boshqa ramzlarini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqqani haqida xabar bergan edik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?