Jahongir Ortiqxoʻjayev xorijiy kuzatuvchi Adish Agarvala bilan uchrashdi

14:02 24 Dekabr 2019 Jamiyat
184 0

Suhbat avvalida Hindistondagi Xalqaro yuristlar kengashi prezidenti, huquqshunos Adish Agarvala Toshkent shahar hokimiga samimiy va doʻstona qabul, oʻzbeklargagina xos boʻlgan yuksak mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda hokimlik axborot xizmati xabar berdi.

Yurtimiz hayotidagi muhim siyosiy voqelik, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga oʻtkazilgan saylovlar haqida toʻxtalib, ular oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplar asosida oʻtkazilganligini taʼkidlab oʻtdi.

Chet ellardagi Oʻzbekiston fuqarolari, shifoxonalarda davolanayotgan fuqarolar, shuningdek, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishi taʼminlanganini alohida eʼtirof etib oʻtdi.

Toshkent shahar hokimi xorijiy kuzatuvchi Adish Agarvala bilan suhbatlashar ekan, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi doʻstona aloqalar tobora rivojlanib borayotganligi, hamkorlik yoʻnalishlari ham kengayayotganligiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, shaharlararo yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikka ham toʻxtalib oʻtdi. Turizm sohasidagi aloqalar haqida soʻz yurita turib, oxirgi 3 yilda Hindistondan kelayotgan sayyohlar ancha ortganligini taʼkidladi. Xususan, joriy yilda Toshkentga kelgan hindistonlik turistlar oʻtgan yilga nisbatan 29 foizga koʻpdir.

Oʻz oʻrnida Agish Agarvala ham Hindiston hamda Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari qadimdan yoʻlga qoʻyilgani va yangi bosqichga koʻtarilayotganligini qayd etib oʻtdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?