Jahongir Ahmedov AQSHlik kinoijodkorlar bilan turkum filmlarni suratga oladi

18:44 22 Fevral 2019 Welcome to uzbekistan
477 0

Kecha Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahridagi Brin Atin kafedral soborida mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi hamda dunyo xalqlari toʻgʻrisida hujjatli filmlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan kinokompaniya — Unity Productions Foundation hamkorligida uyushtirilgan “Buyuk Ipak yoʻli allomalari” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda elchixonamiz xodimlari, jamoatchilik vakillari, olimlar, kinoijodkorlar va madaniyat hamda sanʼat sohasi namoyandalari qatnashdilar.

Tadbirni Oʻzbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi oʻrinbosari Qadamboy Sultanov ochib berdi.

Maʼlumki, 10 — 20 yanvar kunlari Unity Productions Foundation kinokompaniyasi prodyuseri Daniyel Tutt boshchiligidagi delegatsiya ijodiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlgandi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad, avvalo, Oʻzbekiston kinoijodkorlari bilan izchil hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qolaversa, yurtimiz sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishish hamda kelgusida bu boradagi mavjud ulkan potensialimizni jahon miqyosida keng targʻib qilishga hissa qoʻshuvchi turkum hujjatli filmlar ishlab chiqarishdan iborat edi. Safar mobaynida delegatsiya aʼzolari mamlakatimizning diqqatga sazovor maskanlariga tashrif buyurgan, uning amaliy yakuni sifatida Unity Productions Foundation kompaniyasi va “Oʻzbekkino” Milliy agentligi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Mazkur tadbir oʻsha uchrashuvlarning mantiqiy davomi boʻlib, unda AQSH delegatsiyasining joriy yil yanvar oyida yurtimizga tashrifi mobaynida kelishilgan uch loyiha boʻyicha Unity Productions Foundation kinokompaniyasi taqdimot konferensiyasini uyushtirdi. Taqdimotda Oʻzbekiston bilan hamkorlikda suratga olinishi rejalashtirilayotgan loyihalar namoyishi boʻlib oʻtdi. Namoyishda AQSH tomonidan Daniyel Tutt, Oʻzbekiston tomonidan esa kinorejissyor Jahongir Ahmedov soʻzga chiqib, yigʻilganlarni kinoloyihalar bilan tanishtirishdi.

— Taqdimotda anglashuv memorandumida koʻzda tutilgan loyihalarni jamoatchilik koʻrigidan oʻtkazib oldik, — deydi kinorejissyor Jahongir Ahmedov “Telegramm” ijtimoiy tarmogʻi orqali “Xalq soʻzi ONLINE” saytiga eksklyuziv intervyu berar ekan. — Kelgusida Unity Productions Foundation kinokompaniyasi bilan hamkorlikda bitta hujjatli, bitta badiiy-publitsistik janrlaridagi va yana bitta badiiy filmni suratga olamiz.

— Suratga olish ishlari qayerda boʻlib oʻtadi?

— Hujjatli filmni tasvirga olish yumushlari toʻliq mamlakatimizda kechadi. Badiiy-publitsistik filmimiz ham yurtimizda suratga olinishi kutilyapti. Badiiy filmni esa ham AQSHda, ham Oʻzbekistonda tasvirga tushirishni moʻljallaganmiz.

— Filmlarni moliyalashtirish ishlari qanday kechadi?

— Filmlar 80 ga 20 tarzida moliyalashtiriladi. Yaʼni har bir filmning 80 foiz mablagʻini amerikalik hamkorlarimiz taʼminlashsa, 20 foizi Oʻzbekiston tomonidan qoplanadi. Buni Oʻzbekiston kinoindustriyasiga olib kirilayotgan investitsiya, deyish mumkin.

— Tarixiy badiiy-publitsistika siz uchun yangilik emas.

— Albatta. Bugungi muvaffaqiyatlarimda shu janrda suratga olingan “Islomxoʻja” filmining hissasi katta. Film ayni paytda Oʻzbekistonni dunyoga tanitishga hissa qoʻshmoqda, desam, yanglishmayman. Xususan, oʻtgan yilning oktyabr oyida Vashingtondagi Vudro Vilson memorial majmuasida uning maxsus premyerasi boʻlib oʻtgandi. Joriy yilning yanvarida esa “Islomxoʻja” Pokiston Islom Respublikasida taqdim etildi. Nasib qilsa, kelgusida hamkorlarimiz bilan nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyoning boshqa davlatlarida ham tomoshabinlar eʼtiborini qozona oladigan xuddi shunday filmlar yaratamiz.

Hasan Toshxoʻjayev (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?