“Jahon sivilizatsiyasida baxshichilik sanʼatining oʻrni” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi

18:12 06 Aprel 2019 Madaniyat
599 0

Illyustrativ foto

Termiz shahrida oʻtayotgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali doirasida tashkil etilgan tadbirda Bolgariya, Eron, Janubiy Koreya, Moldova, Rossiya, Turkiya, Fransiya singari 15 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan kelgan baxshilar, folklorshunos-olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy izlanuvchilar, tadqiqotchilar va ekspertlar qatnashmoqda.

Anjumanning yalpi yigʻilishida “Baxshilarning estetik qarashlari”, “Markaziy Osiyoda nomoddiy madaniy meros muhofazasi boʻyicha xalqaro hamkorlik: mintaqada ICNCAP bilan mushtarak ishlar misolida”, “Turkiy eposda doston aytish sanʼatining badiiy va vaqtga oid kontekti” kabi oʻnlab mavzularda maʼruzalar tinglandi.

Darhaqiqat, baxshichilik xalq ogʻzaki ijodining yorqin namunasi boʻlib, unda har bir xalqning oʻtmishi, ruhiyati, mentaliteti, qadriyatlari, urf-odat va anʼanalari aks etadi. Shu bois ushbu noyob sanʼat mavjud boʻlgan barcha ellarda u nomoddiy madaniy meros sifatida muhofaza qilinadi, yuksak qadrlanadi.

— Oʻzbek xalq dostonlarida mehr-oqibat, vatanparvarlik, qatʼiyat va jasorat, gʻurur va vijdon, doʻstlik va muhabbat gʻoyalari keng tarannum etilgan, — deydi Yoʻldosh baxshi Suvonov. — Xalqaro konferensiyada ularning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida ilmiy xulosalar bildirilmoqda. Ushbu sanʼat rivojida oiladagi muhit muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Haqiqatan ham, yoshligimizdan doʻmbira, doira, dutor kabi milliy musiqa asboblarini chalishni oʻrganganimiz, ota-bobolarimizdan turli doston va termalarni tinglaganimiz ushbu hunarni tanlashimizga katta turtki boʻlgan. Soʻng yillar davomida ustozlardan saboq olib, rivoyat qila olish mahoratimizni charxlaganmiz, iroda va matonatimizni chiniqtirganmiz. Zero, bu juda ham muhim. Masalan, “Alpomish” dostonini toʻliq ijro etish uchun 32 soat vaqt kerak. Bundan tashqari, uch-toʻrt soatlik sahna koʻrinishlari uchun ham juda koʻp afsonalarning mazmunini bilish, improvizatsiya mahoratini oʻrganish talab etiladi.

Yurtimizda noyob madaniy merosimizni oʻrganish, uning bebaho anʼanalarini targʻib qilish va rivojlantirishga keng sharoitlar yaratilmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida adabiyot va sanʼat, baxshichilik yoʻnalishiga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyat yuritayotir.

Ilhom Rahmatov (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?