Jahon sporti afsonasi Yelena Isinbayeva Oʻzbekistonda mehmoni boʻladi

15:47 26 Fevral 2019 Sport
424 0

Oʻzbek sporti tarixida ilk marotaba xalqaro ayollar kuniga bagʻishlangan katta sport bayrami – “Nafosat-2019” ayollar spartakiadasi boʻlib oʻtadi. Musobaqa Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorligida, ayollar orasida sport va jismoniy tarbiyani ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida tashkil etiladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Ayni paytda Respublikamiz boʻylab musobaqaning saralash bahslari davom etmoqda. Bellashuvlar sportning gandbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi va velosport turlari boʻyicha oʻtkaziladi. Rejaga koʻra, 1-2 mart kunlari poytaxtimizda final bahslari boʻlib oʻtadi. Musobaqa gʻolib va sovrindorlari diplom, medal va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishadi. “Nafosat-2019” spartakiadasining taqdirlash va tantanali yopilish marosimi esa 3 mart kuni “Oʻzbekiston” sport majmuasida boʻlib oʻtadi.

Tantanali yopilish marosimi yuqori saviyada tashkil qilinishi kutilmoqda. Tadbirga yengil atletikaning langarchoʻp bilan sakrash yoʻnalishida ikki karra Olimpiya oʻyinlari chempioni (2004, 2008), uch karra jahon chempioni, yopiq inshootlardagi jahon chempionatining toʻrt karra gʻolibasi, Yevropa chempioni, 28 marotaba jahon rekordini oʻrnatgan afsonaviy Yelena Isinbayeva tashrif buyuradi. Shu kuni muxlislar oʻzbek estradasining yorqin yulduzlari ishtirokidagi konsert dasturiga ham guvoh boʻlishlari mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?