Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus O‘zbekistonga keladi

11:18 26 May 2018 Jamiyat
400 0
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Avval xabar berganimizdek, shu yilning 21 mayidan boshlab, Shveysariyaning Jeneva shahrida Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Dunyoning turli mamlakatlari tajribasi bilan tanishish, ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish va ularni hayotga tatbiq etish hamda aholi salomatligi bilan bog‘liq muammolarga samarali yechim topish mazkur nufuzli anjumanning maqsadlaridan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, JSTTiga a’zo 194 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etayotgan mazkur sessiyada xalqaro tashkilotning sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha kuzatilayotgan global muammolar va ularning yechimlari borasida muhokamalar o‘tkazildi. Bu yilgi sessiyada atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarining salomatlikka salbiy ta’siri va unga qarshi kurashish bo‘yicha yo‘l xaritasi, dori-darmon va vaksina ta’minoti, noinfeksion kasalliklar profilaktikasi, ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar qilinmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Jeneva safari davomida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus bilan ikki tomonlama alohida uchrashuv o‘tkazdi. O‘zaro muloqotlar chog‘ida yurtimizda so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar, istiqboldagi rejalar va dasturlar haqida ma’lumot berildi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Suhbat davomida T. Gebreyesus mamlakatimizda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev boshchiligida hayotga tatbiq etilayotgan barcha huquqiy hujjat va dasturlar aholiga g‘amxurlikning barcha zarur jihatlarini qamrab olayotganligi, O‘zbekiston tibbiyot tizimida ham o‘zining oqilona strategiyasi, siyosati va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olganligi, islohotlarning yangi bosqichi bilan bog‘liq vazifalar amalga oshirilayotganligini e’tirof etdi va ushbu tarixiy voqealarning guvohi bo‘lish maqsadida shu yilning o‘zida O‘zbekistonga tashrif buyurishini bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekiston va JSST o‘rtasida mamlakatimiz manfaatlarini himoya qiluvchi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga har doim tayyor ekanligini ta’kidladi. 

Anjumanning 26 may kuni bo‘lib o‘tadigan so‘nggi kunida ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar vakillari tomonidan aholi salomatligini muhofaza qilish bilan bog‘liq muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?