Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari O‘zbekistonga keladi

16:15 01 Avgust 2018 Jamiyat
284 0
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligida yetuk olimlar va sohaning tajribali mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruhlar tomonidan tayyorlanayotgan Konsepsiya loyihasi doirasida dunyoning tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasini o‘rganish maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning nufuzli delegatsiyasi mamlakatimizga taklif etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati “Xalq so‘ziga ma’lum qildi.

Ayni paytda yurtimizda bo‘lib turgan JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi yetakchi eksperti Melitta Yakab boshchiligida delegatsiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlarni har tomonlama o‘rganib, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan Konsepsiya loyihasi yuzasidan takliflar tayyorlamoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va delegatsiya ekspertlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda tizimni tubdan takomillashtirishga qaratilgan Konsepsiya loyihasi yuzasidan ko‘plab takliflar o‘rtaga tashlandi. Uchrashuvda O‘zbekiston tibbiyot tizimi bilan tanishish maqsadida shu yil JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesusning tashrifi kutilayotgani ham ma’lum qilindi.

– Biz yurtingizga ushbu Konsepsiyani hamkorlikda tayyorlash uchun kelganmiz, – deydi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi yetakchi eksperti Melitta Yakab. – E’tiborli jihati, so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston tibbiyotda tanlagan o‘z strategiyasi bilan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining faol a’zosiga aylandi. Bundan buyon ham ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga tayyormiz.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda faol ish olib borayotgan mazkur xalqaro delegatsiya tashrifi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni rivojlantirishga qaratilgan taqdimot o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?