Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Oʻzbekistonda tibbiyot sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi

15:35 18 Sentyabr 2018 Jamiyat
180 0
Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Avval xabar qilganimizdek, Italiya poytaxti Rim shahrida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining 68-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etyapti.

Sessiyada tibbiyot sohasida global darajadagi masalalar atroflicha koʻrib chiqilmoqda. Chunonchi, ekologiyaning dunyo xalqlari salomatligiga taʼsiri, oziq-ovqat standartlari, birlamchi tibbiy yordamning oʻrni hamda turli yuqumli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, dori-darmon narxlari, tamaki va alkogol isteʼmolining zararlari, jismoniy faollikning ahamiyati, semirishning oqibatlari keng muhokama etilmoqda.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida yurtimizda soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash tizimidagi ijobiy oʻzgarishlar, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlar, istiqboldagi reja va dasturlar haqida maʼlumot berildi.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Oʻz navbatida Tedros Gebreyesus ham aholi salomatligini asrashni asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilash bu kelajak avlodlar kamolga yetishining eng toʻgʻri yoʻli ekanligini taʼkidladi. Bu sogʻlom jamiyat barpo etish va har tomonlama barkamol shaxsni voyaga yetkazish kafolatidir. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar gʻamxoʻrlikning barcha zarur jihatlarini qamrab olganligi bilan koʻplab mamlakatlarga namuna boʻlishini eʼtirof etdi. Shuningdek, u JSST va Oʻzbekiston oʻrtasida mamlakatimiz manfaatlarini himoya qiluvchi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashga doimo tayyor ekanini hamda Oʻzbekistonga amalga oshirilajak tashrifni intiqlik bilan kutayotganini bildirdi.

Delegatsiyamiz Rossiya, Belarus, Turkiya, Qozogʻiston, Armaniston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston hamda Tojikiston davlatlarining delegatlari bilan ham kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda istiqbolli rejalar xususida ikki tomonlama samarali uchrashuvlar oʻtkazdi.

Sessiya ishi davom etmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?