Jahon OAV: Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida Oʻzbekistonning nufuzi soʻnggi ikki yilda keskin ortdi

01:56 19 Dekabr 2018 Siyosat
460 0

Arxiv foto

Oʻzbekiston tashabbusi tufayli joriy yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida insoniyat uchun juda muhim sanalgan tarixiy hujjat qabul qilindi. “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya ishtirokchi davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Ushbu yangilik xususida xorijiy ommaviy axborot vositalarida atroflicha soʻz yuritilmoqda.

Ispaniyaning “El Faro de Ceuta” gazetasida chop etilgan maqolada 2017 yilning sentyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, keng qamrovli nutq soʻzlagani alohida taʼkidlanadi.

Oʻzbekiston yetakchisi oʻz chiqishida jahon hamjamiyatiga mamlakatning yangilangan imidjini namoyon etib, oʻzining islohotchi va uzoqni koʻra biladigan davlat arbobi ekanligini isbotladi, deyiladi gazetada. Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan turib respublikada ekstremizm gʻoyalari taʼsiriga tushib qolgan, toʻgʻri yoʻldan adashgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni sogʻlom hayotga qaytarish uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani haqida batafsil maʼlumot bergan edi.

“Shavkat Mirziyoyev sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat etib, qisqa muddatda hujjat loyihasi tayyorlandi hamda u xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi”, deb yoziladi “El Faro de Ceuta”da.

Hindistonning “India Blooms” gazetasi muxbirlari oʻquvchilarini qabul qilingan rezolyutsiya mohiyati va ahamiyati bilan batafsil tanishtiradi.

Jumladan, “barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashish” hujjatning asosiy maqsadi sifatida koʻrsatib oʻtiladi. Ushbu rezolyutsiya, hindistonlik jurnalistlarning fikricha, bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoyalash, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka xizmat qiladi. Mazkur hujjat Oʻzbekistonda eʼtiqod erkinligi va maʼrifat yoʻlida kurash sohasida toʻplangan tajribaning xalqaro darajada yoyilishiga asos boʻladi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida Oʻzbekistonning nufuzi soʻnggi ikki yilda keskin ortdi. Global tuzilma vakillari oʻzbek zaminida tez-tez mehmon boʻlib, avvalgi yillar mobaynida sust boʻlgan hamkorlik sohalarini jadallashtirish boʻyicha muhim kelishuvlarni imzoladilar. “BMT oilasi” Oʻzbekistonning dunyoga ochilishini uzoq kutdi. Endi respublika bilan toʻlaqonli hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat mavjud”, deyiladi “India Blooms”da chop etilgan maqolada.

Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi rasmiy Boku rasmiy Toshkentni rezolyutsiyani ishlab chiqish jarayonida toʻla qoʻllab-quvvatlaganini maʼlum qiladi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning global tashabbusini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi loyiha matnini ishlab chiqish va uni hamkor davlatlar bilan kelishish boʻyicha tizimli ishlar olib bordi. Ozarbayjon ham mazkur jarayonga oʻz hissasini qoʻshishdan baxtiyordir”, deb yoziladi agentlik axborotida. Ozarbayjon bilan birgalikda Jazoir, Bahrayn, Belarus, Gana, Misr, Hindiston, Qozogʻiston, Kanada, Qatar, Qirgʻiziston, Livan, Marokash, BAA, Oʻmon Sultonligi, Pokiston, Koreya Respublikasi, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sudan, Tojikiston, Tailand, Tunis, Turkmaniston, Filippin, Yaponiya va boshqa davlatlar hammualliflari boʻldi.

Hujjatda koʻzda tutilgan qator chora-tadbirlar, xususan, jamiyatda turli din va eʼtiqodlar oʻrtasida ahillikni mustahkamlash, ularning tarixi, anʼanalari, tili hamda madaniyatini yuksaltirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, faol ilmiy tadqiqotlar olib borish boʻyicha takliflar Ozarbayjon tomonida nihoyatda katta qiziqish uygʻotdi.

Shu oʻrinda Fransiyaning “LʼUsine Nouvelle” yangiliklar agentligi xabarida yaqinda AQSH Davlat departamentining Oʻzbekistonni “alohida xavotir uygʻotadigan davlatlar roʻyxati”dan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilgani eslatib oʻtiladi.

Qayd etilishicha, Qoʻshma Shtatlar Davlat departamenti har yili dunyoda din erkinligi boʻyicha maʼruza eʼlon qiladi. Joriy yil Vashington “alohida xavotir uygʻotadigan davlatlar roʻyxati”dan faqat bitta mamlakatni chiqardiki, u ham boʻlsa Oʻzbekistondir. Bu esa “LʼUsine Nouvelle” muxbirlarining fikricha, oʻz vaqtida qabul qilingan toʻgʻri qaror boʻlib, respublikada kechayotgan ijobiy oʻzgarishlarning har tomonlama eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasining qabul qilinishi rasmiy Toshkent ichki siyosat va milliy iqtisodiyotni mustahkamlab, diplomatiya maydonida tobora oʻz pozitsiyasini kuchaytirayotganini koʻrsatadi.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?