Jahon moliya muassasalari ekspertlari: “O‘zbekistonda katta ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda”

19:06 08 Iyun 2018 Siyosat
349 0

Mamlakatimizda keyingi bir yarim yil ichida iqtisod va moliya tizimida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar jahonning yetakchi ekspertlari hamda tahlilchilari tomonidan qizg‘in e’tirof etilmoqda. Shular xususida yaqinda “Amerika ovozi” teleradiosida chet ellik mutaxassislarning fikr-mulohazalari efirga uzatildi. Ulardan ayrimlarining intervyularini e’tiboringizga taqdim qilamiz.

Devid Guld,
Jahon banki mutaxassisi:

— Hukumat biznes doiralariga keng imkoniyat yaratish yo‘lida yangicha tizim tomon harakat qilishda davom etaverishi kerak. Bu jarayon hech bir davlatda oson kechmagan. Iqtisodiyotni erkinlashtirishda O‘zbekiston xuddi valyuta bozorini ochganidek dadilroq qadam tashlayversa, aslo yutqazmaydi. Investitsiya oqimini oshirishda biznes muhitini yaxshilash ijobiy natija beradi.
Jahon banki O‘zbekiston tomonidan iqtisodiy vaziyat va odamlar hayoti haqida ko‘proq ma’lumot olmoqda. Oldingi to‘siqlarning ko‘pi olib tashlangan. Bank respublika turmush darajasi haqida qancha yaxshiroq tasavvurga ega bo‘lsa, qilinayotgan qarorlar ham, berilayotgan ko‘mak ham shuncha samarali bo‘ladi.

Albert Yeger,
Xalqaro valyuta jamg‘armasi yetakchi eksperti:

— O‘zbekistonda ilgari ko‘plab ma’lumotlar sir saqlanar edi. Bugun esa vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargan. Davlat ayni damgacha yig‘ilib kelgan muammolarni hal etish uchun real choralar ko‘rishga intilyapti.
Mamlakatda aholining aksariyat qismini yoshlar tashkil qiladi. Bu, bir tomondan, muvaffaqiyat, ikkinchi tomondan esa, hukumatga katta mas’uliyatdir. Chunki navqiron avlod vakillari ko‘pchilikni tashkil etadigan yurtda ish o‘rinlari hamda imkoniyatlar shunga yarasha bo‘lishi zarur.
O‘zbekiston hukumati hozirgi paytda ishsizlik darajasi, migratsiya va uning ta’siri, norasmiy iqtisod yuzasidan aniq axborot yig‘ib, uni tahlil qilish harakatida. Soliq hamda ijtimoiy himoya tizimini ham isloh etishga bel bog‘lagan. Ochig‘ini aytish kerak, bu kabi islohotlar hech bir mamlakatda osonlikcha kechmaydi.

Mamuka Sereteli,
Markaziy Osiyo — Kavkaz instituti tadqiqotchisi:

— O‘zbekistonda bir vaqtlar “Xususiy sektorni kengaytirish, tashqi dunyo bilan savdoni rivojlantirish, ishlab chiqarishni takomillashtirish, milliy valyuta qadrini ko‘tarish, ishsizlikka qarshi kurashish, norasmiy va rasmiy iqtisod orasidagi tafovutni yo‘qotish uchun nima qilmoq zarur?” mazmunidagi savollar ko‘p edi.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat hayotini chuqur biladi. U avvalgi tizim samarasiz bo‘lganini hamda uni yangilashda qanday choralar ko‘rish lozimligini teran tushunadi. Albatta, bu mashaqqatli jarayon. Biroq sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib olishda O‘zbekiston hukumatida ishonch va g‘ayrat bor.
O. FAYZIYEV tayyorladi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?