Jahon chempionlariga 12 ming, kumush medal egalariga 6 ming dollardan mukofot puli berildi

15:03 15 Yanvar 2019 Sport
570 0

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha 2018 yilda oʻtkazilgan jahon chempionatlarida sovrinli oʻrinlarni egallagan bir guruh sportchilar va ularning trenerlarini har biriga bir martalik pul mukofoti ajratish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishlari qabul qilingani haqida xabar bergan edik.

Bugun, 15 yanvar kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida sovrindor boʻlgan sportchilarimiz hamda ularning trenerlarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi, deya xabar bermoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, sportchilar, murabbiylar, sport jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Prezident farmoyishiga koʻra, jahon chempionatining oltin medali sohiblari 12 000, kumush medal sovrindorlari 6 000, bronza medaliga ega chiqqan sportchilarimiz esa 3 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli bilan birma-bir taqdirlanishdi. Oʻz navbatida Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan shogirdi chempion boʻlgan murabbiyga 6 000, vitse-chempionlarni yetishtirib chiqargan murabbiylarga 3 000 va shogirdi bronza medalga ega chiqqan murabbiylariga esa 1 500 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli topshirildi.

Shuningdek, tadbirda 1-10 noyabr kunlari kattalar oʻrtasida Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida 102 kilogrammgacha vazn toifasida dast koʻtarishda jahon rekordini yangilab, oltin medal bilan taqdirlangan, yoshlar oʻrtasida jahon va Osiyo chempionatlarida muvafaqqiyat qozongan 2018 yilda “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy kubogi sohibi deb topilgan Akbar Joʻrayevga belgilangan namunadagi guvohnoma hamda 10 000 (oʻn ming) AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻi bilan taqdirlandi.

Maʼlumot uchun, Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan yunon-rum kurashi va erkin kurash sport turlari boʻyicha 2018 yilning 20-28 oktyabr kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatida Elmurat Tasmuratov -63 kg vazn toifasida kumush medalni va Bekzod Abdurahmonov -74 kg vazn toifasida bronza medalini qoʻlga kiritgan edi.

2018 yilning 1-10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida oʻtkazilgan ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionatida esa Akbar Joʻrayev (-102 kg) oltin, Doston Yoqubov (-67 kg) kumush, Ruslan Nurudinov (-109 kg) bronza va Rustam Jangabayev (-109 kg) ikkita bronza (siltab koʻtarish va ikki kurash bahslarida) medaliga sazovor boʻlgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?