Jahon chempionini yenggan sport ustasi va grossmeyster harbiy xizmatchilar bilan bahslashdi

01:53 14 Yanvar 2019 Jamiyat
536 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida xalqaro toifadagi grossmeyster Nodirbek Abdusattorov hamda xalqaro toifadagi sport ustasi Shamsiddin Vohidov ishtirokida shaxmat boʻyicha mahorat saboqlari oʻtkazildi.

Bilim yurti harbiy xizmatchilari va ularning farzandlari, kursant hamda askarlar qatnashgan uchrashuv barchada yorqin taassurot qoldirdi, deyiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Tadbir davomida “aql gimnastikasi” ustalari bir vaqtning oʻzida harbiy xizmatchilar, kursantlar va bolalar tarkibidan iborat 10 nafar raqib bilan tezkor shaxmat boʻyicha bellashdi.

Uchrashuv soʻngida shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Saidali Yoʻldoshev hamda yosh grossmeysterlar bilim yurti boshligʻi nomidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi. Shuningdek, mehmonlar bilim yurtining “Faxriy mehmonlar” kitobiga oʻz dastxatini qoldirdi.

Xalqaro toifadagi grossmeyster Nodirbek Abdusattorov 2018 yilning dekabr oyida Turkiyaning Konya shahrida oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Jahon shaxmat olimpiadasida oltin medalga sazovor boʻlgan. Dunyo boʻyicha eng yosh xalqaro toifadagi grossmeysterlardan biri hisoblanadi.

Shamsiddin Vohidov esa oʻtgan yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida shaxmat boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasida rapid hamda blis yoʻnalishida oʻtkazilgan jahon chempionatida amaldagi jahon chempioni, norvegiyalik xalqaro grossmeyster Magnus Karlsenni magʻlubiyatga uchratgan edi.

Shavkat ORTIQOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?