Jahon chempionatida ov miltigʻi bilan taqdirlangan hujumchi. U kim edi?

15:15 26 May 2020 Sport
919 0

Oʻtgan asrning 50-yillari oxirida Jyust Fonten Ramon Kopa bilan hujum chizigʻida ajoyib juftlik hosil qilgandi. Ular Fransiya terma jamoasida ham, “Reyms” klubida ham birga oʻynashgan. Kopa koʻproq hujumni tashkil etar, Fonten esa gol urardi. U Kopa toʻp uzatgan joyga hoziru nozir boʻlar, imkoniyat tugʻildi, deguncha darvozaga zarba yoʻllardi. Shu bilan birga Fonten individual jihatdan ham kuchli edi. Juda katta boshlangʻich tezlikka va ajoyib texnikaga egaligi evaziga himoyachilarni dogʻda qoldirardi. Bu hujumchini “Gollar fontani” deb atashardi. Negaki, uning familiyasi fransuzchada “Fontan” maʼnosini anglatadi. Jyust gollar fontanini darvozaga yoʻllashni yoshligidan, hali oʻzi tugʻilib oʻsgan Marokashdayoq boshlagandi.

“AS Marokash” klubida oʻynayotgan qahramonimizni nisbatan kuchli sanalgan “Kasablanka” jamoasiga taklif etishadi. Oʻshanda u 17 yoshda edi.Kasablanka shahrida uyi yoʻqligidan stadionda yotib-turishga majbur boʻladi. Toʻpurarning dovrugʻi Fransiyaga ham yetib boradi. Uni “Nissa” klubi oʻz safiga qoʻshib olganida Jyust 20 yoshga qadam qoʻygandi.

Birinchi mavsumdayoq u jamoasi bilan Fransiya kubogini qoʻlga kiritadi. Bahorda esa mamlakat chempioni boʻladi. Fonten 23 yoshga kirganida Fransiya terma jamoasida dastlabki oʻyinini oʻtkazdi. Lekin mamlakat chempionatida 34 ta gol kiritganiga qaramay, bosh murabbiy Pol Nikolya terma jamoaning hujum chizigʻida Rene Bliar xizmatidan foydalanishni maʼqul koʻrdi.1958-yilgi jahon chempionatiga esa Fonten baxtli tasodif tufayligina boradigan boʻldi. Negaki, Bliar kutilmaganda jarohat oldi. Uning oʻrnini Fonten egalladi. Agar shunday hol roʻy bermaganida dunyo futboli “Fonten – Kopa” juftligini koʻrmagan boʻlarmidi, deb oʻylanib qolasan, kishi.

Kopa oʻsha paytda “Real” bilan Yevropa Chempionlar Kubogini qoʻlga kiritgan, yaxshi sport formasida edi. Birinchi chigilyozdi oʻyinlardayoq Kopa bilan Fonten shunaqangi harakatlar qilishdiki, bilmagan kishi ular uzoq yillardan buyon birga toʻp surib kelishyapti, degan fikrga borardi. Shvetsiyada boʻlib oʻtgan mundialda ular har qanday himoyani yorib oʻtishga qodir juftlik ekanliklarini koʻrsatishdi. Guruh bahsi dastlabki uchrashuvida Paragvay terma jamoasi darvozasiga toʻplar yomgʻiri yogʻildi. Fransuzlar 7:3 hisobida gʻalaba qozonishdi. Fonten xet – trikka erishdi. Toʻgʻri, ikkinchi bahsda Fransiyani Yugoslaviya terma jamoasi 3:2 hisobida magʻlub etdi.Ammo ikkala javob toʻpini ham Fonten kiritdi. Keyin fransuzlar Shotlandiya terma jamoasini 2:1 hisobida yengishdi. Fonten oʻz hisobiga bitta gol yozib qoʻydi. Shimoliy Irlandiyaga qarshi kechgan chorak final bahsida 4:0 hisobi qayd etildi. Fonten dublga erishdi. Fransuzlarning oʻyini uchrashuvdan uchrashuvga ochilib borayotgan, hamma ularni jahon chempioni boʻlishadi, deb oʻylayotgan edi. Hatto Braziliya terma jamoasiga qarshi kechadigan final uchrashuvi oldidan ham koʻpchilik shu fikrda edi. Ammo aynan shu pallada jahon futboli osmonida Pele degan yulduz porladi. Final oʻyiniga qadar atigi bitta gol kiritgan Pele fransuzlar darvozasiga 3 ta toʻp yoʻlladi. Oʻyin 5:2 hisobida braziliyaliklar foydasiga hal boʻldi. Fonten javob toʻplarining bittasini kiritib, mundialdagi gollari sonini 9 taga yetkazdi. Oʻshanda rekord natija vengr Shandor Kochishga tegishli boʻlib, u 1954-yilgi mundialda 11 ta gol kiritgandi. GFR terma jamoasiga qarshi kechgan uchinchi oʻrin uchun kurashda Fonten Kochishning rekordini yangilashning uddasidan chiqdi. U bu oʻyinda poker qayd etib, gollari sonini 13 taga yetkazdi. Qizigʻi, Fonten bu rekordni zaxiradagi futbolchi Stefan Bryuelning butsisini kiygan holda oʻrnatgan.Negaki, oʻyin arafasida oʻzining butsisini oʻgʻirlab ketishgan. Aytmoqchi,uning bu rekordi haligacha yangilangani yoʻq. 

Toʻgʻri, 1970-yilda nemis Gerd Myulller bu natijaga yaqinlashdi. 10 ta gol kiritdi. Oradan toʻrt yil oʻtib, 1974-yilgi mundialda yana toʻrtta gol kiritdi va boshqa bir rekordni oʻrnatdi. Yaʼni bir necha jahon chempionatida qatnashib, eng koʻp gol kiritgan futbolchiga aylandi. Lekin mabodo Fonten ham loaqal yana bitta jahon chempionatida qatnashganida Myuller qayd etgan raqam rekord natija boʻlishi dargumon edi. Chunki Fonten 1958-yilda endigina 25 yoshga kirgan, hali toʻpurarlik qobiliyatini koʻp bor namoyish etishiga shak-shubha yoʻq edi.

Shvetsiyada oʻtgan jahon chempionatidan keyin Kopa bilan Fontenning yoʻllari yana bir bor toʻqnash keldi.1959-yilda “Reyms” Chempionlar kubogi finalida “Real”ga qarshi toʻp surdi. Kopa hali ham ispan klubi safida edi. Oʻsha oʻyinda omad “Real”ga kulib boqdi. Lekin oʻsha yilning oʻzida Kopa “Reyms”ga qaytib keldi va muxlislar yana bu ajoyib juftlik oʻyinidan bahramand boʻldilar. Afsuski, bu hol uzoq davom etmadi. Fonten jiddiy jarohat oldi. Oyogʻi olti oy davomida gipsda turdi. Qahramonimiz ruhan sinmadi, maydonga qaytish ishtiyoqi bilan yashadi. Niyatiga yetdi ham. Yil oxiriga borib, bir necha uchrashuvda qatnashdi. Lekin 1961-yilning boshida yana oyogʻidan jarohatlandi. Uzoq davolandi. Sogʻayganidan keyin esa shifokorlar unga futbol oʻynashni taqiqladilar. Shunday kuchli va kamyob toʻpurarning faoliyati hali 28 yoshga kirmay turib yakun topdi.

Fonten futboldan uzoqlashmadi. Murabbiylik qildi. Hatto quyi ligaga tushib ketgan “PSJ”ni oliy divizionga olib chiqdi. Lekin bu jabhada aytarli yutuqlarga erisha bilmadi.

Braziliya futboli afsonalaridan biri Didi 1958-yilgi mundialdan soʻng u haqida “Bu hujumchi toʻp oʻziga kelib tushgan 10 ta holatning 9 tasida uni darvozaga aniq yoʻllay oladi. Agar Braziliyada oʻynaganida oradan ikki oy oʻtib, hammaning kumiriga aylangan boʻlur edi”, degandi. Bu fikrni bejiz keltirayotganimiz yoʻq. Faoliyatiga nazar tashlarkanmiz,uning imkoniyatlaridan terma jamoada unumli foydalanilmaganini koʻramiz. Masalan, 1953-yilda uni terma jamoaga ilk bor taklif etishgan va Fonten Lyuksemburg terma jamoasi darvozasiga 3 ta gol kiritgan. Bu uchun unga rahmat aytishganu hujumchining nomini 1954-yilgi jahon chempionatiga boradigan futbolchilar roʻyxatiga kiritishmagan. Vaholonki, oradan uch yil oʻtib, Fonten Fransiyaning eng qimmatbaho futbolchisiga aylandi. Oʻz klubi safida muntazam gol urib turgan bu hujumchining 1958-yilgi jahon chempionatiga borishi va asosiy tarkibdan oʻrin olishi ham maqolamiz avvalida taʼkidlaganimizdek, baxtli bir tasodif tufayli amalga oshgandi.Darvoqe, oʻsha mundialda individual sovrinlarni Fonten bilan Kopa oʻzaro boʻlishib olishgandi. Kopa turnirning eng kuchli futbolchisi deb topilgan, Jyustga esa ov miltigʻini sovgʻa qilishgandi. Fonten “Nega menga qurol tuhfa qilayapsizlar?”, deya soʻraganida mundial tashkilotchilari “Siz darvozani xuddi snayperdek nishonga oldingiz. Shu boisdan ushbu miltiqni sovgʻa qilyapmiz”, deya javob berishgan. Oʻz navbatida qahramonimiz “Ha, lekin men yana futbol ham oʻynadim”, deb javob qaytargan edi. Fontenning samimiy, hazil-mutoyibaga oʻch inson ekanligini shu birgina soʻzidan ham bilish mumkin.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?