Jahon bankining O‘zbekistondagi loyiha portfeli 2,8 milliard dollarga yetdi

12:18 21 May 2018 Iqtisodiyot
326 0

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligida Maykl Ferrantino boshchiligidagi Jahon banki missiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda JST masalalari bo‘yicha maslahatchi Viki Chemutay ham ishtirok etdi. Bu haqida vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Toshkent shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki guruhi va YuSAID agentligi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekistonning JSTga kirish jarayonini yangilash” mavzusidagi seminarga yuqori baho berdi. Jahon banki tomonidan O‘zbekiston vazirliklari va idoralari vakillari hamda JSTga kirish masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida shu kabi anjumanlar o‘tkazishni davom ettirishga qiziqish bildirildi.

Tadbirda JB guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga doir imzolangan bitimlar muhim ekanligi ta’kidlandi. O‘z navbatida Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov elektr samaradorligi, shoshilinch xizmat ko‘rsatish xizmatlarini yaxshilash, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha Jahon banki O‘zbekistonga 940 million dollar zayom berganini aytib o‘tdi.

“Mazkur mablag‘lar Jahon bankining O‘zbekistondagi transport, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va suv ta’minoti kabi tarmoqlarni qamrab olgan loyiha portfelini 2,8 milliard dollarga ko‘paytirdi”, - dedi u.

Uchrashuvda mehmonlarga mamlakatimizdan Xitoy va Afg‘onistonga yangi transport yo‘laklarini, mahsulotlarni xalqaro standartlarga muvofiq holda sertifikatlash, to‘qimachilik va meva-sabzavot klasterlarini yaratish hamda taraqqiy toptirish, elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Jahon banki yurtimizga raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasiga ekspertlarni jalb etish hamda bu borada tadqiqot ishlarini olib borish yo‘li bilan elektron tijorat, shuningdek, xizmat ko‘rsatish jabhalarini ravnaq toptirishga ko‘maklashish uchun tayyor ekanligini bildirdi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?