Jahon banki Oʻzbekistonga 500 million dollar ajratdi

08:09 13 Iyul 2020 Jamiyat
447 0

Joriy yilning 11-iyul kuni Oʻzbekiston hukumati va Jahon banki mamlakat qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 500 mln dollarlik qarz bitimini imzolashdi.

Oʻzbekiston tomonidan bitimni Bosh vazirning oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov va Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktor L.Burunchuk imzoladilar.

Imzolash marosimida Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mantovanelli, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayev hamda Bank va tegishli idoralarning boshqa vakillari ishtirok etdilar.

Loyiha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan tegishli ravishda 276 mln dollar va 224 mln dollar miqdorida moliyalashtiriladi.

Qayd etish joiz, qishloq xoʻjaligi – Oʻzbekiston YAIMning 28 foizini tashkil etadi. Sohaning umumiy eksportdagi ulushi 10 foizga teng.

Kredit shartnomalarni imzolash marosimida Sardor Umurzakov - “Qishloq xoʻjaligidagi islohotlar qishloq joylarida koʻproq haq toʻlanadigan ish oʻrinlarining yaratilishiga, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlanishiga va Oʻzbekiston fermerlari va agrosanoat korxonalarining eksport daromadlarini oʻsishiga imkon beradi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun hukumat Jahon banki va boshqa xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bank tomonidan moliyalashtirilayotgan yangi loyiha qishloq xoʻjaligini bozor va raqobatbardosh tarmoqqa aylantirishga hissa qoʻshadi, shuningdek, qishloq xoʻjalik ishlab chiqaruvchilarimizga davlat xizmatlari taqdim etilishini sezilarli darajada yaxshilaydi”, deb qayd etdi.

Ushbu loyiha tufayli Oʻzbekistonning barcha mintaqalaridagi fermerlar va agro korxonalari vakillari uchun zamonaviy texnologiyalar, texnik maslahatlar, ishlab chiqarish, agrologistika, fitosanitariyaning turli bosqichlarida qoʻllab-quvvatlash xizmatlaridan, shuningdek, savdo hajmini oshirish uchun zarur axborot manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Natijada, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oʻsishi hisobiga ularning ichki va xalqaro bozorlarda ishtiroki kengayadi.

Shuningdek, loyihada mahalliy tijorat banklarining ishtiroki tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilar intensiv bogʻdorchilikni rivojlantirish, issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish hamda mahsulotlarni saqlash, qadoqlash va qayta ishlash quvvatlarini yaratish, shuningdek, energetik va suvni tejaydigan texnologiyalar va qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olishni nazarda tutgan holda eksportga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha qiymat zanjirlarini koʻpaytirish uchun ulardan foydalanish istiqbollari bilan uzoq muddatli kredit resurslarini jalb qilish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Shuningdek, loyiha Oʻzbekistondagi qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutlarini modernizatsiya qilish, amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish va tarmoqqa ilgʻor ishlanmalarni joriy etishga yordam beradi. Loyiha tadbirlari urugʻchilikni rivojlantirish, yer va suv resurslarini boshqarish, muayyan hududlarga moʻljallangan agroekologik iqlimga chidamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, Oʻzbekistondagi oʻsimliklarning noyob genetik materiallarini saqlash masalalariga qaratilgan boʻladi.

Taʼkidlash kerakki, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yilida hujjatlarni imzolash elektron imzo bilan amalga oshirildi va Jahon bankining mintaqada ushbu formatda imzolangan birinchi hujjatiga aylandi.

2017-yilda Oʻzbekistonda islohotlar boshlanishi bilan Jahon bankining moliyaviy va texnik yordami sezilarli darajada oshdi. Bugungi kunda tashkilotning umumiy qiymati 4,4 mlrd AQSH dollariga teng 23 ta loyihadan iborat boʻlgan Oʻzbekiston boʻyicha dasturi Turkiyadan keyin Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturi hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?