Jahon banki Oʻzbekistonda YAIMni kelgusi yilda 6,6 foizga oʻsishini bashorat qilmoqda

17:21 10 Iyul 2020 Siyosat
738 0

Jahon bankining hisobotida keltirilgan 24 ta Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Oʻzbekistonda 2020-yil natijalari boʻyicha YAIMning oʻsishi prognoz qilinib, qolgan davlatlarda – yoki “nol” holat, yoki pasayish, ayrim davlatlarda esa – YAIMning keskin pasayishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, mazkur hisobotda keltirilgan davlatlardan faqat ikkitasida 2021-yilda keskin iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichi taʼkidlanib, mamlakatimizda YAIMni kelgusi yilda 6,6 foizga oʻsishi bashorat qilinmoqda.

Ushbu ijobiy holatning bosh mezoni sifatida – mamlakatimizda pandemiya sharoitida ham ishbilarmonlik muhitini saqlab qolish va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash orqali keng aholi qatlamlarini ish bilan bandligini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan harakatlarni koʻrish mumkin.

Yaʼni, yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy eʼlon qilindi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash toʻxtatildi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmasligi, xalqaro savdodagi vaziyatni inobatga olib, eksport-import boʻyicha kechiktirilgan qarzdorlikka jarima qoʻllamaslik, “yashil yoʻlak”lardan mahsulot oʻtkazishni koʻpaytirish, yuk tashishda yuzaga kelayotgan masalalarni operativ hal etish belgilab qoʻyildi.

Biznes vakillarining fikrini inobatga olgan holda, ularga yana qoʻshimcha yengilliklar berildi – 1-oktyabrga qadar tadbirkorlarning foydalanilmayotgan obyektlariga nisbatan mol-mulk va yer soligʻining oshirilgan stavkalari bekor qilindi, koronavirus pandemiyasi tufayli moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan korxonalar bankrot deb eʼlon qilinmay, karantin muddati davomida tadbirkorlik subyektlari foydalanayotgan 3 ming 600 dan ortiq davlat mulki obyektlari boʻyicha ijara haqlarini undirish toʻxtatildi.

Shuningdek, barcha loyihalar doirasida investitsiyaviy majburiyatlarni bajarish muddatlari 6 oyga uzaytirildi. Bundan tashqari, karantin davrida tadbirkorlarning hisob raqamini toʻxtatib qoʻyish taʼqiqlandi, aholiga tovarlarni yetkazib berish hamda tashish xizmatlarini koʻrsatish uchun litsenziya olish talabi bekor qilindi. Yangi ish oʻrinlari yaratishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

Pandemiya natijasida kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz sharoitida aholi bandligini taʼminlash orqali iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash maqsadida – karantin davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatildi. Tushumi oʻtgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes subyektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer soligʻi, mulk soligʻi, ijtimoiy soliq va suv soligʻini toʻlash muddati kechiktirildi, yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan toʻlov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushirildi.

Tadbirkor olgan kredit stavkasi 28 foizgacha boʻlganda uning 12 foizini davlat qoplashi, buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion soʻmlik kreditlari foizini qoplashga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan qoʻshimcha 400 milliard soʻm yoʻnaltirilishi, intizomli va ishonchli tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga jamgʻarma kafillik berishi belgilandi. Qiyin ahvoldagi korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning 12 trillion soʻmlik kredit majburiyatining muddati uzaytirildi.

Shuningdek, qishloqlarda koʻp ish joylarini tashkil etib, endi oyoqqa turayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yoʻlga qoʻyilib, ularning 2019-yilda paxta yetishtirish uchun olgan kreditlarini qaytarish muddati uzaytirildi.

Jahon bankining yuqorida taʼkidlangan eʼtirofiga sababchi boʻlgan omillardan biri – mamlakatimizda bitta korxona faoliyatini toʻxtatishiga ham “favqulodda holat” deb qaralishi boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki bu korxonalar qanchadan-qancha ish oʻrinlari va oilalar daromadini taʼminlab turdi. Ayniqsa, yalpi ichki mahsulotning asosiy qismi va aholi bandligini taʼminlaydigan 2 mingdan ortiq yirik korxona faoliyatini umuman toʻxtamasligiga erishildi.

Shuningdek, Jahon banki bashoratini roʻyobga chiqishi, avvalo, yurtimizda pandemiyaning keyingi “toʻlqinlari” roʻy berishiga yoʻl qoʻyilmasligiga va buning natijasi boʻlgan – ishchanlik muhitining pasayib ketmasligi bilan birga, tashqi omillarga – geosiyosiy turbulentlikning vujudga kelmasligi va hamkor davlatlarimiz iqtisodining keskin tushib ketmasligi bilan bogʻliq. Shuning uchun, bugungi holat har birimizdan sergaklikni, oʻta masʼuliyatni va yuqori yaratuvchanlikni talab etmoqda.

Odiljon IMINOV,
Oliy Majlis Senati
Byudjet va iqtisodiy islohotlar

masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?