Jahon banki: Oʻzbekiston taʼlim tizimini pandemiya sharoitlariga tezda moslashtira oldi

16:11 27 Aprel 2020 Jamiyat
320 0

Yaqinda Jahon banki saytida “Oʻzbekiston: maktablar yopilgan paytda taʼlim berish uchun oʻz vaqtida qilingan javob” sarlavhasida maqola eʼlon qilindi. Bu haqda Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi xabar berdi.

Jahon bankining taʼlim sektori menejeri Garri Patrinos, taʼlim boʻyicha yetakchi mutaxassis Yanssen Teysheyra va Jbning Toshkentdagi ofisi taʼlim boʻyicha mutaxassisi Nodira Meliboyeva ushbu material mualliflaridir.

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston hukumati mamlakatda COVID-19 tarqalishining oldini olish maqsadida ushbu kasallik bilan bogʻliq birinchi holat qayd etilishi bilan barcha maktablarni yopish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Oradan ikki kun oʻtib Xalq taʼlimi vazirligi karantin paytida 6,1 million oʻquvchi uchun masofaviy oʻqitishni joriy etishdek ilgari kuzatilmagan rejasini eʼlon qildi.

Ekspertlarning fikricha, butun dunyoda oʻquvchilarni masofaviy oʻqitish usuliga oʻtkazish jarayonida barcha ham resurslar hamda elektron taʼlim boʻyicha teng sharoitlarga ega boʻlmaydi. Boz ustiga, ushbu pandemiya inqirozi koʻmakka muhtoj aholi qatlamlariga eng koʻp zarar yetkazyapti. Koʻpchiligi esa uzoq hududlarda yashaganlari uchun ularda elektron qurilmalar yoki Internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati mavjud emas, deb yozadi JB vakillari.

Ularning eʼtirof etishicha, respublikada internet resurslari cheklangan bir sharoitda teledarslarning yoʻlga qoʻyilishi anʼanaviy oʻqitish usullari vaqtincha toʻxtatilgan davr uchun munosib javobdir. Zero, raqamli koʻrsatuvilar butun mamlakat boʻylab uzatiladi, shuningdek, isteʼmolchilardan ortiqcha xarajatlar hamda yangi infratuzilma yechimlarini talab qilmaydi.

Maqolada oʻtgan bir necha kun ichida oʻzbek, rus va imo-ishoralar tilida 350dan ortiq videodarslar milliy telekanallarda translyatsiya qilinganiga toʻxtalib oʻtilgan. Qolaversa, bunday materiallar vazirlikning ijtimoiy tarmoq platformalari qatori YouTube va Mover.uz videoxostinglariga joylashtirildi.

Mamlakatimizning Vashingtondagi diplomatik missiya maʼlumotiga koʻra, internet xizmatlarini koʻrsatuvchilar va GSM mobil aloqasi operatorlari tomonidan Xalq taʼlimi vazirligining ichki elektron resurslardan bepul foydalanish imkoniyati yaratib berilgani aholi oʻrtasida ijobiy kutib olinyapti. Bu oʻz navbatida texnik imkoniyatlarga ega barcha oʻquvchilar uchun internet orqali bilim olish darajasini sezilarli ravishda oshirmoqda.

Bugungi kunda kuniga oʻrtacha 100 ta videodars berib borilyapti. Bu esa pandemiya sharoitida ham taʼlim dasturlarini qandaydir tanaffuslarsiz va uzluksiz oʻtishni taʼminlayapti, deb yozadi mualliflar.

Xalqaro tashkilot vakillarining aytishicha, inqirozli vaziyatlardagi favqulodda masofadan oʻqitish bilan yaxshi oʻylangan onlayn dasturlar oʻrtasida farq bor. Ularning fikricha, noanʼanaviy taʼlim berish turlarini joriy etayotgan koʻplab davlatlarning saʼy-harakatlarida koronavirus pandemiyasi sababli orttirilayotgan qimmatli tajribalar ham inobatga olinishi kerak.

Ekspertlar xulosa oʻrnida taʼkidlashganidek, Oʻzbekiston favqulodda vaziyatlarga tezkor va kreativ javob qaytara oldi. Bu esa respublika rahbariyatining pandemiya davrida ham aholining koʻmakka muhtoj qatlamlari taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga qodir ekanligidan darak berib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?